O‘tkir diareya kasalliklari va ularning profilaktikasi

Yilning issiq kunlarida aholi, ayniqsa bolalar orasida o‘tkir yuqumli ichak kasalliklari tez-tez uchrab turadi. O‘tkir yuqumli ichak kasalliklariga qorin tifi, paratiflar, salmonellyoz, ichburug‘, virusli gepatitning “A” turi, vabo va boshqa bir qator o‘tkir yuqumli kasalliklar kiradi.

Bu kasalliklarni tashqi muhitga ancha chidamli bo‘lgan bakteriyalar va viruslar qo‘zg‘atadi. 

O‘tkir yuqumli ichak kasalliklarida kasallik qo‘zg‘atuvchilarining manbai bemor va bakteriya tashuvchilar hisoblanadi. Ular qo‘zg‘atuvchilarni tashqi muhitga asosan o‘zlarining axlatlari bilan chiqaradi va atrof muhitni shu kasalliklar qo‘zg‘atuvchilari bilan ifloslantiradi. 

Ichburug‘ kasalligi bilan og‘rigan bemorning 1 gr. axlatida milliongacha, qorin tifi bilan og‘rigan bemorning 1 gr. axlatida 10 million donagacha kasallik tarqatuvchi bakteriyalar bo‘lishi mumkin. Qo‘zg‘atuvchilarning barchasi tashqi muhitga chidamli bo‘ladi. Kasallikning yuqish omillariga suv va oziq-ovqat mahsulotlari kiradi. 

O‘tkir ichak kasalliklarining yashirin davri bir necha soatdan 21 kungacha davom etadi. 

Aksariyat o‘tkir ichak kasalliklari bemorda holsizlik, ko‘ngil aynishi, qusish, ichning suyuq ketishi, tana haroratining ko‘tarilishi kabi belgilar bilan kechadi. 

Bemor o‘z vaqtida shifokorga murojaat etmasa, bu kasalliklar o‘zidan talaygina asoratlar qoldirishi mumkin. Bularga ichaklar faoliyatining buzilishi, ichakdagi yaralardan qon ketishi, ichak devorlarining teshilishi, o‘tkir buyrak yetishmovchiligi kabi asoratlar kiradi va ba’zida bu asoratlar bemorning o‘limiga sabab bo‘lishi ham mumkin. 

Bu kasalliklarning oldini olishda shaxsiy gigiyenaning roli juda katta. O‘tkir yuqumli ichak kasalliklarini “iflos qo‘l kasalliklari” deb bejizga aytilmagan. 

Ovqatlanishdan oldin hojatxonadan so‘ng qo‘llarni sovunlab yuvish, tirnoqlarni o‘z vaqtida olish, qo‘llarni doimo pokiza saqlash, oilada o‘z sochig‘idan, to‘y, ma’rakalarda shaxsiy qo‘l ro‘molchadan foydalanish – o‘tkir yuqumli ichak kasalliklarning oldini olishda muhim rol o‘ynaydi. 

Dehqon bozorlarida, ko‘chalarda sifati kafolatlanmagan, qo‘lda tayyorlangan salqin ichimliklar, sharbatlar, ayron va boshqa ichimliklarni iste’mol qilish ham o‘tkir yuqumli ichak kasalliklarni qayd etilishiga sabab bo‘lishi mumkin. 

Shuni aytib o‘tish joizki, salomatlikni asrash 10 – 15 foiz tibbiyot xodimlarining xizmatiga bog‘liq bo‘lsa, 60 foiz kundalik sog‘lom turmush tarziga bog‘liqdir. 

O‘tkir yuqumli ichak kasalliklarining oldini olishda tashqi muhitni, xususan ochiq suv havzalarini ifloslanishini oldini olish, shaxsiy gigiyena qoidalariga puxta amal qilish, sifatli suv va oziq-ovqat mahsulotlarini ist’yemol qilish - o‘tkir yuqumli ichak kasalliklarning oldini olish garovidir, zero kasallikni davolashdan ko‘ra uni oldini olish ming bor afzal!

SO`NGGI YANGILIKLAR
Boshqarma haqida

Sanitariya-epidemiologiya xizmatini amalga...

Xizmat vazifa va funksiyalar

Boshqarmaning xizmat vazifa va funksiyalar to...

SO`ROVNOMA

    Boshqarma ish faoliyatini baholang

Top

MAXSUS IMKONIYATLAR

Ko`rinish

A
A
A

Shrift o`lchami

0% ga kattalashtirish
?

Ekran suxandoni