Bosh sahifa / --- / Askarida kasalligi

Askarida kasalligi

Askarida kasalligini – askarida qo‘zg‘atadi ya’ni dumaloq chuvalchangsimon gijjalarning bir turi bo‘lib, uning uzunligi 15-40 sm gacha yetadi. Bu gijjalar odamning ingichka ichagida paydo bo‘ladigan kasallikdir. Askarida gijjalarning tuxumi nihoyatda mayda oq rangda ko‘rinishi mumkin. Yetilgan gijjalar ingichka ichakda yashaydi va ko‘payadi. Bir kecha kunduzda 250 000 tagacha tuxum qo‘yib, najas bilan tashqi muhitga chiqadi va tarqaladi.

Gijjasi bo‘lgan bemorlar askarida kasalligini tarqatuvchi manba hisoblanadi. Askaridalar bolalar organizmida 1-2 yil hayot kechiradi va tashqi muhitda bir necha yillar yashaydi. Askarida gijjalari dastlabki rivojlanish bosqichlarida allergik kasalliklarni keltirib chiqaradi.

Gijjalar bolalarga:

- organizmda immunitet pasayganda;

- tozalikka, ya’ni sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilmaslik natijasida;

- o‘yingohlarda o‘ynaganda;

- ochiq havzalarda cho‘milganda;

- Uy hayvonlari (sigir, echki, qo‘y, it va mushuklar) bilan o‘ynaganda;

- ko‘rpa-to‘shaklar va sochiqlardan;

- qo‘llarni yaxshi yuvmaslikdan, kir barmoqlarini og‘ziga solishdan, chala pishirilgan go‘sht, baliq, qisqichbaqa va boshqa ovqatlarni iste’mol qilishdan;

- suvni va sutni qaynatmasdan ichish orqali yuqadi.

Askaridoz peroral geogelmintoz va antroponozdir. Urg‘ochi askarida odam ichagida oval shaklli, parda bilan qoplangan tuxum qo‘yadi. Axlat orqali hali yetilmagan tuxumlar tuproqqa tushadi. Ularning rivojlanishi uchun tuproqda yetarli namlik va iliq, issiq harorat kerak bo‘ladi. Shuning uchun ham askarida iliq va issiq iqlimli mintaqalarda ko‘p uchraydi. 

Tashqi muhit harorati 13-30 daraja bo‘lganda tuxumida lichinka rivojlanib shakllanadi. Odam axlatini go‘ng sifatida ishlatib yetkazilgan sabzavot, ko‘katlarni iste’mol qilish natijasida askarida yuqadi. Og‘iz orqali ingichka ichakka tushgan askarida tuxumining pardasi chirib ketadi va ichidan harakatchan lichinka chiqadi. Lichinka tezda qon tomirlariga kiradi.

Kasallikning klinik kechishida ikkita: erta (migratsion) ia kechki (ichak) bosqichiga ajratiladi. Migratsion bosqichda kasallik ko‘pincha  yashirin kechadi.  Qaysi a’zoga migratsiya qilsa, shu a’zoni zararlanishiga xos belgilar yuzaga chiqadi. Ichak bosqichi subklinik kechadi. Bemorlarda holsizlik, ishtahasining pasayishi, ko‘ngil aynishi, ba’zan qusish, qorinda og‘riqlar kuzatiladi. Ayrim bemorlarda ich ketishi, ayrimlarida ich qotishi mumkin. Asab tizimi tomonidan  bosh og‘riqlari, bosh aylanish, aqliy toliqishning ortishi, uyquning buzilishi, tungi qo‘rquvlar, isterik tutqanoqlar, meningizm kuzatiladi.             

Askaridozning boshlang‘ich davrida o‘pkaning zararlanishiga oid belgilar va eozinofiliya diagnoz uchun asos bo‘ladi. Bunday bemorlarning balg‘amida askarida lichinkalarini topish mumkin. 

Askaridozning surunkali  formasida bemor axlatida gijjaning tuxumi topiladi. Ba’zan axlat bilan askaridaning o‘zi chiqariladi.

Davolash kursi o‘tkazilgandan keyin 2-3 hafta o‘tgach, qaytadan boladan gijja tuxumlarini tekshirish uchun axlat tahlillari olinadi va salbiy natijalar olingandagina, ya’ni askaridalar yo‘qolgandan so‘ng bola sog‘lom deb hisoblanadi.

Askarida kasalligini oldini olish  qo‘yidagilardan iborat:

Har bir xonadon sanitariya gigiyena qoidalariga rioya qilishi, ariq, zovur va soy suvlaridan ichimlik suv sifatida foydalanmasliklari, foydalanishga ehtiyoj tug‘ilganda esa qaynatib ichishi zarur. 

Oilaning barcha a’zolari ovqatlanish oldidan, hojatxonaga kirib chiqqandan so‘ng, tomorqaga ishlagandan so‘ng, uy hayvonlariga qaragandan so‘ng qo‘llarini yaxshilab sovunlab yuvish kerak. 

Askarida kasalligidan saqlanish uchun sabzavot va poliz ekinlariga zararsizlantirilmagan najas solmaslik talab qilinadi.

Xonadonlarda gijja tarqatuvchi pashshalar, suvaraklar va boshqa hashoratlar bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik.

Oziq-ovqat mahsulotlarini hashoratlar  tegishidan saqlash va ustini berkitib qo‘yish.

Sabzavot va mevalarni iste’mol qilishdan avval toza suvda yaxshilab tozalab yuvish zarur.

Yaxshi pishmagan go‘shtni iste’mol qilmaslik kerak.


Gulshoda Rizayeva

parazitolog vrach 

24-12-2024, 13:41
← Ortga qaytish