Bosh sahifa / Yangiliklar / Tadbirlar / Hamkorlik, hamjihatlikda hikmat ko‘p

Hamkorlik, hamjihatlikda hikmat ko‘p

Sanepidqo‘mita Navoiy viloyat boshqarmasi va Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi vakillari bilan o‘tkazilgan seminarda vaksinalar haqidagi noto‘g‘ri tushunchalar tufayli bolalarning emlanmasligi va bu ortidan yuqumli kasalliklarning keng tarqalishi xavfi muhokama qilindi.

Uchrashuvda hududda epidemik holatni yomonlashtirishining oldini olish, emlash ishlarining ahamiyati hamda sog‘liqni saqlash tizimi bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi. Mavzular bo‘yicha Immunoprofilaktika bo‘limi mudiri D.Sayfulloyev ma’ruza qildi.

Bugungi kunda aholi orasida vaksinalar va bolalarni profilaktik emlash ishlariga nisbatan salbiy qarashlar hamda noto‘g‘ri tushunchalar ko‘payib bormoqda. Bunday holatlar natijasida bolalarning milliy emlash kalendari bo‘yicha emlashlarni o‘z vaqtida olmasligi yoki umuman emlanmasligi kuzatilmoqda. Bu esa aholi orasida yuqumli kasalliklarga qarshi jamoaviy (kollektiv) immunitet darajasining pasayishiga sabab bo‘lmoqda.

Yuqoridagi omillar natijasida bolalar orasida boshqariluvchi yuqumli kasalliklarning kelib chiqishi va keng tarqalishi kabi salbiy oqibatlar yuzaga kelishi mumkin. O‘z navbatida, hududning epidemiologik holati yomonlashib, hatto favqulodda vaziyatlar darajasigacha olib kelishi ehtimoldan xoli emas. COVID-19 pandemiyasi bunga yaqqol misol bo‘la oladi.

Shunga ko‘ra, Navoiy viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining Navoiy viloyat boshqarmasi bilan hamkorlikda seminar tashkil etildi.

Unda viloyatda yuqumli kasalliklarning kelib chiqishi va tarqalishining oldini olish, ushbu kasalliklar profilaktikasida emlash ishlarining ahamiyati, shuningdek, mavsumiy yuqumli kasalliklar profilaktikasida epidemik ko‘rsatmaga muvofiq emlashlarni tashkil etishda sog‘liqni saqlash tizimi hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish zarurligi masalalari muhokama qilindi.

Mazkur mavzular yuzasidan viloyat Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi  boshqarmasi Immunoprofilaktika bo‘limi mudiri D.Sayfulloyev tomonidan ma’ruza qilindi.

 

28-09-2026, 08:31
← Ortga qaytish