Bosh sahifa / Maqolalar / Yangiliklar / QRIM-KONGO GEMORRAGIK ISITMA KASALLIGI: UNDAN SAQLANISHNING YO‘LINI BILASIZMI?

QRIM-KONGO GEMORRAGIK ISITMA KASALLIGI: UNDAN SAQLANISHNING YO‘LINI BILASIZMI?

Qrim-Kongo  gemorragik isitma kasalligi virus qo‘zg‘atadigan, tabiiy sharoitda kanalar orqali yuqadigan o‘ta xavfli yuqumli kasallikdir. Yirik va mayda shoxli hayvonlarda uchraydigan iksod kanalari gemorragik isitma kasalligi virusining tashuvchilari, kemiruvchilar, yirik va mayda shoxli mollar esa gemorragik isitma virusining manbalari hisoblanadi.

Ushbu kasallik o‘zida  gemorragik virusini  saqlaydigan kanalarning chaqishi va qo‘llar kana qoni bilan ifloslanishi natijasida odamlarga yuqadi. Bundan tashqari, kasallik odamga shu kasallik bilan og‘rigan bemorning qoni orqali ham yuqishi mumkin. Buxoro, Navoiy, Sirdaryo, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlarining cho‘l hududlari mazkur kasallik bo‘yicha tabiiy o‘choqli hududlar hisoblanadi. Kasallik respublikamiz hududiga chetdan kirib kelishi va tarqalishi ham mumkin.

Kasallikning yashirin davri o‘rtacha 2 – 3 kun davom etadi. Ba’zida bu davr bir necha soatlarga qisqarishi yoki 14 kungacha cho‘zilishi mumkin. Kasallik o‘tkir boshlanib, bemorning tana harorati 39-40 darajagacha ko‘tarilishi, sovqotib qaltirashi, mushaklari og‘rishi, badanga toshma toshishi, yuz, bo‘yin, ko‘krak qismi terilari qizarishi, milk, burun, oshqozon-ichaklardan qon ketishi kabi alomatlar bilan namoyon bo‘ladi. Ba’zi holatlarda kasallik og‘ir kechib, bemordan qon ketishi natijasida  o‘lim qayd etiladi. Mazkur kasallik gemorragik belgilarsiz shaklda ham kechishi mumkin. Kasallikning bu shaklida badanda toshmalar toshmaydi, qontalashlar kuzatilmaydi, organlardan qon ketmaydi, kasallik asosan isitma va zaharlanish alomatlari bilan namoyon bo‘ladi.

Shu bois, cho‘l hududiga  dam olishga chiqqanlar dam olish uchun mo‘ljallangan joy mol boqiladigan yaylovdan kamida 2 – 3 km masofa uzoqda bo‘lishiga e’tibor berishlari kerak.

Shuni unutmaslik kerakki, agar badanga kana yopishganligi aniqlansa, tezda yaqin joylashgan tibbiyot muassasasiga murojaat qilish zarur. Birinchi galda kanani ehtiyotkorlik bilan  himoya qo‘lqop kiyib olib tashlash zarur. Dastlab kana yopishgan joyga 2-3 tomchi o‘simlik yog‘i tomizib, 10-15 daqiqa kutish kerak. Pinset yoki ip yordamida sekin-asta teriga yopishgan kana olinib, shu joyga yod surtiladi va ustiga bakterotsid plastir yopishtiriladi. Olingan kana penitsillin flakonga solinib, og‘zi tiqin bilan bekiladi va yoqib tashlanadi. Ishlatilgan rezina qo‘lqoplar 70 foizli etil spirti bilan ishlov berilgach, yechiladi va yoqib  yuboriladi.

Kana chaqishidan ehtiyot qilish maqsadida teri yuzasi imkon qadar kiyimlar bilan bekilishi kerak. Kana ko‘pincha oyoqlar orqali kirishini inobatga olib, shim pochalari mahkam bog‘lanishi zarur. Agar biron kishini kana chaqsa, qo‘llari kana qoni bilan ifloslansa, isitmasi oshib, burun, milklar, oshqozon-ichaklar, bachadondan qon ketsa, bunday bemorlarga yordam ko‘rsatganda bemorning qoni teri va shilliq qavatlarga tekkan bo‘lsa, unda yordam ko‘rsatgan odam ham tibbiy yordamga murojaat etishi lozim. Bundan tashqari, cho‘l hududlaridan, bozorlardan mayda va yirik shoxli mollarni kanaga qarshi ishlov bermasdan uyga olib kelmaslik, mollarda kana aniqlansa, darhol veterinariya xodimlariga murojaat qilib, ularning tavsiyasi asosida kanalarga qarshi ishlov berish kerak. Shuningdek kanalarni qo‘l bilan ezib va qaychi bilan kesib o‘ldirmaslik, qirqim mavsumiga yosh bolalar, o‘smirlar va homilador ayollarni jalb etmaslik shaxsiy gigiena qoidalariga puxta amal qilish kasallikning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Xo‘sh, kana chaqishining oldini olish uchun fuqarolar nimalarga e’tibor berish lozim?

Buning uchun eng avvalo:

- cho‘l hududlariga (tabiat quchog‘iga) aprel-iyun oylarida imkon qadar chiqmaslik;

- cho‘l hududlaridan, bozorlardan mayda va yirik shoxli mollarni kanaga qarshi ishlov bermasdan uyga olib kelmaslik;

- mollarda kana borligi aniqlansa, darhol veterinariya shifokoriga murojaat qilib, ularning tavsiyasi asosida kanalarga qarshi ishlov berish;

- kanalarni qo‘l bilan ezib va qaychi bilan kesib o‘ldirmaslik;

- qirqim mavsumiga yosh bolalar va o‘smirlarni jalb etmaslik;

- qirqim vaqtida faqat maxsus kiyim (qo‘lqop, yeng va poychalari mustahkam berkitiladigan shim, kamzul, rezina etik)lardan foydalanish;

- qirqim paytida shaxsiy gigiena qoidalariga puxta amal qilish talab etiladi.

Zamira Hamroyeva

Viloyat O‘XYuKlar bo‘limi 

epidemiolog vrach yordamchisi


14-05-2024, 22:03
← Ortga qaytish