Bosh sahifa / Maqolalar / Yangiliklar / Skarlatina kasalligi – qanday kasallik?

Skarlatina kasalligi – qanday kasallik?

Skarlatina - (lot.carlatum — qizil ren) —aksariyat balalarda uchraydigan kasallik hisoblanadi. Kasallik isitma, umumiy intoksikatsiya, murtak bezlari va tomoqning yallig‘lanishi, teriga mayda toshmalar toshishi va h.k. bilan kechadi. Qo‘zg‘atuvchisi A guruhiga mansub gemolitik streptokokklardir. Kasallik manbai — bemor, shuningdek, boshqa streptokokkli infeksiya (angina, faringit)lar bilan og‘rigan kishilar. Infeksiya havo-tomchi yo‘li orqali yuqadi. Ba’zi bemor foydalangan o‘yinchoq, idish-tovoklar orqali tarqalishiga sabab bo‘ladi. Ko‘proq 2— 6 yashar bolalarda kuz-qish oylarida uchraydi. Yashirin davri o‘rtacha 2—7 kun. Odatda, kasallik to‘satdan boshlanadi. Gavda harorati tez 39—40° gacha ko‘tarilib, bemor holsizlanadi, boshi va tomog‘i og‘riydi, ko‘pincha qusadi. Kasallikning dastlabki kunlarida terida qizil, mayda nuqtasimon toshmalar paydo bo‘ladi.

Tomoqda  angina alomatlari ko‘zga tashlanadi, qizargan yumshoq tanglay qattiq tanglayning oqish shilliq qavatida yaqqol ajralib turadi. Til qalin karash bilan qoplanadi. Jag‘ osti bezlari kattalashadi va paypaslaganda og‘riq seziladi. Kasallikning avj olgan davri 4—5 kun davom etadi. Bu davrda angina, limfa bezlarining kattalashishi, toshmalar ortib boradi. Gavda harorati 39° va undan ham yuqori bo‘ladi. Bemorning ovozi xiralashishi, alahlash hollari kuzatilishi mumkin. 4—5 kundan so‘ng harorat pasayib, bemor o‘zini yaxshiroq his qiladi. Til uchi tomonidan karashdan tozalanib boradi. Undan musaffo bo‘lgach, til malinaga o‘xshab qipqizil bo‘lib qoladi. Kasallikning 6 kunidan boshlab sog‘ayish davri boshlanadi, 10 kunlariga kelib kasallikning barcha alomatlari yo‘qoladi.

Skarlatinani davolash

Davolash odatda uy sharoitida amalga oshiriladi. Statsionar davolanish og‘ir va asoratlar rivojlanish ehtimoli yuqori bo‘lgan holatlarida talab etiladi. Tana harorati me’yorga tushgunga qadar bemorlar yotoq tartibiga amal qilishlari kerak.

Kasallikning o‘tkir davrida ko‘p miqdordagi suyuqlik qabul qilish (limon choy, meva sharbatlari), oqsillarni biroz cheklagan holda suyuq yoki yarim suyuq ovqatlar iste’mol qilishi lozim. Bemorlarga Pevzner parhez tizimi bo‘yicha stol № 2 tavsiya etiladi.

Medikamentoz terapiya sifatida tabletka shaklida penitsillin qatoridagi antibiotiklar (fenoksimetilpenitsillin, retarpen, amoksitsillin, amoksitsillin + klavulan kislotasi) 7-10 kun davomida qabul qilish ko‘rsatiladi. Bundan tashqari, qo‘shimcha ravishda vitaminli terapiya (B vitaminlari, C vitamini) buyurilishi mumkin.

Skarlatinani olidini olish

Bugungi kunda ushbu kasallikka qarshi vaksina kashf etilmagan. Shu tufayli asosiy profilaktik chora-tadbirlar bemorlarni izolyatsiya qilish, shuningdek bemor bola qatnagan maktabgacha ta’lim muassasalari yoki maktablarda bir haftalik karantin e’lon qilishni o‘z ichiga oladi.

Bolalarga o‘qishga kasallik boshlanishidan 22 kun o‘tgach qaytishga ruxsat beriladi. Agar bola statsionar sharoitda davolangan bo‘lsa, kasalxonadan chiqqach, 12 kun o‘tgach o‘qishga qaytishi mumkin.

Kasallikni oldini olishning samarali usullaridan biri shaxsiy gigiena qoidalariga amal qilish, xususan ovqatlanishdan oldin qo‘llarni sovun bilan yuvish, bolaning shaxsiy buyumlari, o‘yinchoqlarini dezinfektsiya qilish, odamlar gavjum bo‘ladigan joylarga tashrif buyurishni cheklash sanaladi.

 

Kecha, 15:24
← Ortga qaytish