Virusli gepatit xalq orasida “sariq kasalligi” -deb nomlanib, o‘tkir yuqumli kasallik hisoblanadi. Uning A, V, S, D, Ye turlari farqlanadi.
Virusli gepatitning A va Ye turlari inson organizmiga suv va oziq-ovqat mahsulotlari bilan og‘izdan yuqadi.
Gepatit virusi toza yuvilmagan qo‘llar sababli yuqadi, ko‘p holatlarda bolalar o‘rtasida keng tarqaladi, chunki aksariyat holatlarda bolalar shaxsiy gigiyena qoidalariga to‘liq va to‘g‘ri rioya qilmaydilar.
Gepatitning V, S, D turlari esa qon orqali tibbiy muolajalar vaqtida yuqishi mumkin. Kasallik jigar to‘qimalarini jarohatlanishi bilan kechadi.
Kasallik quyidagi yo‘llar orqali yuqadi:
-gepatit bilan kasallangan bemor bilan muloqotda bo‘lganda;
-qo‘llarni toza yuvmaslik, ayniqsa hojatxonadan chiqqanda;
-ichimlik suvini qaynatmasdan ichganda;
-meva-sabzavotlarni yuvmasdan iste’mol qilganda;
-ruxsat etilmagan ochiq suv havzalari va turib qolgan suvlarda cho‘milganda.
Kasallik quyidagi belgilar bilan kechadi:
-holsizlik va ishtahaning yo‘qolishi;
-tana haroratining ko‘tarilishi;
-ko‘ngil aynishi, qusish;
-qorinning o‘ng sohasida og‘riq;
-teri rangi va ko‘z ichi sariq rangda bo‘lishi;
-peshob va najas rangining o‘zgarishi.
Yuqoridagi belgilar kuzatilganda bemor zudlik bilan shifokorga murojaat etib, shifoxonaga yotqiziladi, o‘zaro muloqotda bo‘lganlar tibbiy kuzatuvga olinadi.
Kasallikning yuqish xavfi kasallikning yashirin, boshlang‘ich davrlari va sariqlik belgilarisiz kechadigan turlarida yuqori bo‘ladi. Bunda bemor o‘zi bilmagan holda o‘z yaqinlari va oila a’zolariga kasallikni yuqtirishi mumkin. Shuning uchun bemor foydalangan buyumlar alohida yuviladi va joylarda zararsizlantirish vositalari yordamida tozalash ishlari o‘tkaziladi.
Gepatit bilan kasallanganlarda to‘liq va o‘z vaqtida davolanmaganda og‘ir asoratlar – surunkali gepatit, jigar sirrozi kabi asoratlar yuzaga keladi.
Quyidagilarga amal qilish kasallikka chalinmaslikni asosiy qoidalaridir:
-ovqatlanishdan oldin qo‘llarni albatta sovunlab yuvish;
-meva-sabzavotlarni iste’moldan avval tozalab yuvish;
-qaynatilgan suvni ichishga odatlanish;
-oziq-ovqat mahsulotlarini to‘g‘ri saqlash qoidalariga amal qilish;
-ruxsat etilmagan joylarda va turib qolgan suv havzalarida cho‘milmaslik;
-xonalarni doimo toza tutish, chiqindilarni o‘z vaqtida chiqarib tashlash va pashshalarni yo‘qotish.
Gepatitning A va V turlari oldini olish uchun vaksinalar ishlab chiqilgan. Virusli gepatitning A va V turlariga qarshi kurashda emlash ishlari kasallikning kamayishi va oldini olishda eng samarali usul hisoblanadi.
Salomatlikning oltin qoidalariga rioya etish – kasallikning oldini olish demakdir!
Hurmatli hamyurtlar! Shifokor tavsiyasiga amal qiling, o‘zingiz va o‘zgalar hayotini ehtiyot qiling!