Pora berish, ya’ni davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi mansabdor shaxsiga mazkur mansabdor shaxsning o‘z xizmat mavqeidan foydalangan holda sodir etishi lozim yoki mumkin bo‘lgan muayyan harakatni pora bergan shaxsning manfaatlarini ko‘zlab bajarishi yoki bajarmasligi evaziga qonunga xilof ekanligini bila turib bevosita yoki vositachi orqali moddiy qimmatliklar berish yoki uni mulkiy manfaatdor etish - jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Basharti, shaxsga nisbatan pora so‘rab tovlamachilik qilingan bo‘lsa va ushbu shaxs jinoiy harakatlar sodir etilganidan keyin bu haqda o‘ttiz sutka mobaynida o‘z ixtiyori bilan arz qilsa, chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lib, jinoyatni ochishda faol yordam bergan bo‘lsa, u javobgarlikdan ozod etiladi [O’zb. Res. Jinoyat Kodeksi]
Agar tasavvur qilingan pora mansabdor shaxs tomonidan olinmagan yoki olishdan bosh tortilgan bo‘lsa, pora berishga harakat qilgan shaxsning harakatini pora berish uchun suiqasd qilish kabi tavsiflash lozim bo‘ladi. Ammo pora berish va olish nafaqat mansabdor shaxsning o‘zi uni olganida, balki uning ixtiyori yoki uning topshirig‘i bo‘yicha uni boshqa shaxslar qabul qilganida ham tugallangan jinoyat hisoblanadi [O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining qarori, 24.09.1999 yildagi 19-son].