Bosh sahifa / Maqolalar / Yangiliklar / Osh tuzini qanday tanlash kerak – ekspert tavsiyasi

Osh tuzini qanday tanlash kerak – ekspert tavsiyasi

Osh tuzi qanday talablarga javob berishi kerak: Osh tuzi yodlangan bo‘lishi shart! Bu talab dunyoning ko‘plab mamlakatlarida amalda. Chunki insoniyatning shunday chora-tadbirlarga ehtiyoji katta.

JSST ma’lumotlariga ko‘ra, Yer yuzi aholisining uchdan bir qismi tabiiy yod tanqis bo‘lgan sharoitda yashaydi. Ularning 31 foizi maktab yoshidagi bolalar.

Dilorom Tursunova, tibbiyot fanlari doktori:

— Bu global muammoning samarali va arzon yechimi sifatida osh tuzini yodlash amaliyotidan keng foydalanilmoqda. Negaki, tanada ushbu moddaning kamayishi endemik buqoq, aqliy zaiflik, perinatal va chaqaloqlar o‘limining ko‘payishiga sabab bo‘ladi.

Bundan tashqari, yod tanqisligi tug‘ma kasalliklar darajasini oshiradi, homila va chaqaloqlarda miyaning qaytarilmas shikastlanishi, intellektual salohiyatning pasayishiga ham olib keladi.

Osh tuzi inson uchun muhim oziqaviy modda sanaladi. Chunki shifokorlarning tavsiyalariga ko‘ra, organizmdagi moddalar almashinuvini normallashtirish uchun kuniga bir choy qoshiq — 5 gramm tuz iste’mol qilish lozim. Bundan tashqari, yod tanqisligi kasalligining oldini olish uchun ham yodlangan osh tuzi juda muhim va zarur.

O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan va aholiga sotiladigan osh tuzlari albatta yodlanishi kerak. Bu yod yetishmovchiligi kasalliklarini oldini olishga qaratilgan tadbirlardan biridir. Inson organizmida yodning yetishmasligi oqibatida qalqonsimon bez kasalliklari yuzaga keladi. Ishlab chiqarish jarayonida yod bilan boyitish bunday oqibatlarni bartaraf etish usullaridan biri hisoblanadi.

Osh tuzini qanday tanlash kerak?

Mutaxasislarning ta’kidlashicha, yodlangan osh tuzi oliy navli O'zDSt 1091:2017 tozalangan, eruvchan, sochiluvchan kristall, begona ta’msiz, sho‘r, rangi oq bo‘lishi kerak.

“1 000 grammdan boshlab tuz normativ hujjatlarga muvofiq polimer pachka yoki paket qutilarga qadoqlanishi, unda ishlab chiqargan tashkilotning nomi, tovar belgisi, maxsulot nomi, uning navi va yanchilish darajasi, ishlab chikarilgan sanasi, yaroklilik muddati, yodlash qo‘shimcha nomi, yod ulushi ko‘rsatkichi bo‘lishi shart. Aynan mana shu talablarga javob beradigan osh tuzlarini iste’mol qilish tavsiya etiladi”, — dedi mutaxassis.

Aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi direktori Nodira Alixanova davlat standarti talablariga ko‘ra, osh tuzi tarkibida yod miqdori tonnasiga 40 gramm miqdorda bo‘lishi belgilab qo‘yilganini ma’lum qildi.

“Osh tuzlarining saqlanish harorati 28 darajadan oshmasligi lozim. Qotib qolgan, nam tortgan, begona hidlarga ega bo‘lgan, yaroqlilik muddati o‘tgan, qadoqlari buzilgan osh tuzlarining foydali xususiyatlari yo‘qolgan bo‘ladi. Bunday mahsulotlarni iste’mol qilmaslik tavsiya etiladi”, — dedi u.

Qo‘mita mutaxassislari iste’molchilarga murojaat qilar ekan, oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilishda quyosh tig‘ida saqlanmaganligiga e’tibor qaratish, tashqi qadog‘idagi axborotlarning mavjudligi va muvofiqligini tasdiqlovchi hujjatlari sanitariya-epidemiologik xulosasi bilan tanishib chiqib, so‘ng xarid qilishni so‘ragan.

Hurmatli fuqarolar, o‘zingiz va yaqinlaringizni sog‘ligiga befarq bo‘lmang, shifokorlar tavsiyasiga amal qiling!

Internet materiallari asosida tayyorlandi 

Sog‘ligingizga befarq bo‘lmang, o‘zingizni va yaqinlaringizni  ehtiyot qiling, zero sog‘lik eng bebaho ne’matdir!

Gulbahor Raxmatillayeva
Sanepidqo‘mita Navoiy viloyati boshqarmasi
OAV va jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi mutaxassisi

13-02-2025, 14:09
← Ortga qaytish