Bosh sahifa / Maqolalar / Yangiliklar / BARCHASI GEPATIT C HAQIDA

BARCHASI GEPATIT C HAQIDA

GEPATIT C – infeksion kasallik bo‘lib, asosan jigarning zararlanishi bilan kechadi. Gepatit C bilan zararlangan bemorlarning 50-80 foizida kasallik xronik tusga o‘tib, keyinchalik jigar sirrozi yoki jigar saratoni shakllanishi mumkin. Gepatit C uzoq yillar davomida hech qanday simptomlarsiz kechib, tasodifan tibbiy ko‘riklar paytida aniqlanishi ehtimoli yuqori. Bungacha esa «bemor» bir qancha insonlarga C virusini yuqtirishga ulguradi.

Gepatit C bilan zararlanishni oldini olish uchun uning yuqish yo‘llarini bilish muhim hisoblanadi. Gepatit C virusi insonga uch xil yo‘l orqali yuqadi: parenteral, jinsiy va vertikal.

1. Parenteral usul – bu gepatit C tashuvchi bemordan nosteril (shprits, stomatologik, ginekologik va manikyur) anjomlari orqali yuqishi bo‘lib, ushbu buyumlarni dezinfeksiyalash va bir necha bosqichda sterilizatsiyalash orqali yuqishni oldini olish mumkin.

2. Jinsiy yo‘l – bu usulda virus xuddi venerik kasalliklar, VICH va gepatit virusi kabi yuqishi mumkin.

3. Vertikal usul – bu usul orqali yuqish homilador ayolni o‘tkir C virusli gepatit bilan zararlanganda yoki xronik gepatit C kasalligi homiladorlik davrida qo‘ziganda kuzatiladi.

Gepatit C-ni diagnostika qilish va davolash to‘laligicha o‘rganilmagan – «yosh» muammo hisoblanishiga qaramasdan unga qarshi kurash bo‘yicha bir qator jiddiy qadamlar qilib ulgurildi. Ko‘p hollarda gepatit C-ni davolash orqali uzoq remissiya, ya’ni nofaol davrga o‘tkazib, asoratlarning oldini olish mumkin. O‘tkir gepatitni davolash orqali esa 15-20% holatlarda to‘liq tuzatib yuborish imkoni bor.

Gepatit C-da buyuriladigan parhez boshqa virusli gepatitdagi parhez kabi bo‘lib, kasallikning shakli (sariqli/sariqsiz), og‘irlik darajasi (yengil, o‘rtacha og‘ir, og‘ir) ga bog‘liq.

Parhez qilish:

Asosiy prinsiplar:

Ovqat kaloriyasi 3200-3500 kkal, 5-6 mahal bo‘lib-bo‘lib ovqatlanish kerak, ovqat qaynatilgan, qiymalangan yoki qirg‘ichdan o‘tkazilgan bo‘lishi kerak.

Tuz miqdori -10 g, shishlar paydo bo‘lsa 4-5 g gacha pasaytiriladi yoki umuman voz kechiladi. Sutkalik suyuqlik miqdori 1,5-2 litr.  Ratsionda oqsil miqdori yetarli bo‘lishi lozim: (100-120 g/sut, ulardan 50% dan ortig‘i hayvon yog‘i). O‘simlik tabiatli yog‘lar miqdori qabziyatda – ko‘paytiriladi, ich ketishida – pasaytiriladi. Uglevodlar miqdori fiziologik normadan ortmasligi kerak (450 g/sut, ulardan qand 70 grammdan ortmasligi shart). Kasallikning o‘tkir davrida alkogol, yog‘li, o‘tkir, achchiq, dudlangan, konservalangan mahsuotlar iste’mol qilish mumkin emas. Ovqatlar qaynatilgan, bug‘da pishirilgan yoki duxovkada toblangan bo‘lishi kerak. Sut mahsulotlari, tvorog, unli mahsulotlar, asal, shirin choy, meva va sabzavot sharbatlari, uzum va tarvuz tavsiya etiladi. Mineral suvlardan "Borjomi", "Yessentuki-4" mumkin.

Prezidentning “Ayrim dolzarb virusli infeksiyalar tarqalishiga qarshi kurashish chora-tadbirlarini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq:

virusli gepatitlarning “B” va “C” turlarini erta aniqlash uchun respublikaning barcha hududlarida skrining tekshiruvlarini o‘tkazish va kasallikni davolash qamrovini oshirish;

skrining tekshiruvlarida virusli gepatit “C” turi aniqlangan bemorlarni davolash jarayonida dori vositalari bilan bepul ta’minlash belgilangan.


24-02-2025, 15:49
← Ortga qaytish