Bosh sahifa / Maqolalar / Yangiliklar / QO‘ZIQORINDAN ZAHARLANISHNING OLDINI OLING!

QO‘ZIQORINDAN ZAHARLANISHNING OLDINI OLING!

Tabiatda qo‘ziqorinlar iste’molga yaroqli va yaroqsiz turlarga bo‘linadi.

Yurtimizda qalpoqchali zamburug‘larning 200 dan ziyod turi mavjud. Ulardan 150 dan ziyod botanik turi zaharli, atigi 25 turigina iste’mol uchun yaroqli hisoblanadi.

Iste’molga yaroqli qo‘ziqorinlar ma’danli moddalar, oqsil hamda “С” va “В” guruhlariga mansub darmondorilarga juda boydir. Uning eng asosiy ustunligi – tarkibida oqsilning ko‘pligida. Qo‘ziqorinda oqsil tuxumdan 2, go‘shtdan 3 barobar ko‘p ekan. Fosfor va kalsiy borasida baliq qatori.

Yeyiladigan qo‘ziqorinlar turlariga: plas­tinkali, shampinon, volnushka, gruzdi, svinuka, lisinka, sroyejkalar, yeyilmaydigan zaharli qo‘ziqorinlar turlariga: oq paganka, qizil va kulrang muxomor, chortov qo‘ziqorinlari kiradi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, zamburug‘lar hayvonot va o‘simliklar dunyosining oralig‘ida bo‘lgan alohida guruh hisoblanar ekan. YA’ni, zamburug‘lar na o‘simlik, na hayvon. Tabiatda shunday zamburug‘larning 100 mingdan ortiq turi uchraydi. Qo‘ziqorinlar ham shulardan biri.

Qo‘ziqorin qondagi xolesterin miqdorini pasaytiradi. U, shuningdek, qandli diabet bilan og‘rigan kishilarga foydali.

Qo‘ziqorinlar xom sabzavotlar (bodring, karam, pomidor) bilan kelisha olmaydi, bunday aralashma oshqozon buzilishi va dam bo‘lishga olib keladi. Shu bois uni faqatgina pishgan sabzavotlar bilan birga iste’mol qilgan ma’qul.

Iste’mol qilish mumkin bo‘lgan va zaharli qo‘ziqorinlarni bir-biridan ajratish murakkab. Ko‘p hollarda ular bir-biriga o‘xshaydi. Oq qo‘ziqorin, qizil qo‘ziqorin, shampinion va opyonok turlari iste’molga yaroqli qo‘ziqorinlardir. Zaharli (qizil muxamor, kulrang muxamor, satanin, sariq soxta qo‘ziqorin)larni iste’mol qilganda, tuzlangan yoki marinovka qilingan qo‘ziqorinlarni ruxlangan idishlarda saqlaganda zaharlanish ro‘y beradi.

Iste’molga yaroqli – “smorchok” va “strochok” qo‘ziqorinlaridan noto‘g‘ri taom tayyorlanganda ham kishi zaharlanib qolishi mumkin. Chunki ular tarkibida zaharli gelvelat kislota bo‘lib, u suvda yaxshi eriydi, shuning uchun bunday turdagi qo‘ziqorinlarni iste’mol qilishdan oldin qaynatib, suvini to‘kib tashlash kerak.

Avtomagistral yo‘l yoqalari, zaharli og‘ular hamda kimyoviy moddalar saqlanadigan omborxonalarning tevarak-atroflarida o‘sadigan qo‘ziqorinlardan ham zaharlanish holatlari kuzatiladi. Chunki mashinalardan chiqadigan is-gazlar va zaharli moddalarni qo‘ziqorinlar o‘ziga singdirib oladi, demak bunday holatlarda iste’molga yaroqli bo‘lgan qo‘ziqorinlardan ham odam zaharlanadi.

Qo‘ziqorindan zaharlanganda: zaharlanish yaxshi tayyorlanmagan yoki eskirib qolgan qo‘ziqorinlarni iste’mol qilish natijasida kelib chiqadi. Bunday qo‘ziqorinlarda buzilish protsessi boshlangan bo‘ladi. Shuningdek, qo‘ziqorin ikrasi va qiymasini tayyorlashda sanitariya talablariga rioya qilinmasa zaharlanish kuzatiladi.  Iste’mol qilsa bo‘ladigan qo‘ziqorinlarni yeyishdan oldin 2-3 qoshiq sirka qo‘shilgan suvga solib, keyin yaxshilab qaynatish lozim.

Shunisi xavfliki ayrim qo‘ziqorinlarni tatib ko‘rganda ham zaharlanish sodir bo‘lishi mumkin. Qo‘ziqorindan zaharlanish ham xuddi ovqatdan zaharlanish kabi oddiy kechadi. Agar o‘z vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatilmasa oqibati hunuk bo‘lishi ehtimoldan holi emas. Uning zahari avvalo insoning asab tizimlarini, oshqozon ichak yo‘llari, yurak qon tomirlari, harakat a’zolarini zararlaydi.

-kasallik belgilari iste’mol qilingan qo‘ziqorinning turiga qarab, turlicha namoyon bo‘ladi. Masalan, qizil muxamor tarkibida muskaridin va muskarin alkaloidlari mavjud. Qizil muxamordan zaharlanganda kasallik belgilari 1-2 soat o‘tgach namoyon bo‘ladi. Asab tizimi faoliyatida o‘zgarishlar, so‘lak oqishi, ko‘p terlash, ko‘zdan yosh oqishi mumkin, tomir urishi (puls) sekinlashadi va sustlashadi, bemorlarda alahsirash (galyutsinatsiya), titrash, shuningdek, ko‘z qorachig‘ining kengayishi yoki torayishi kuzatiladi.

Ayni bahor oylarining yog‘ingarchilik kunlarida qir-adir va daraxtzorlarda turfa xil qo‘ziqorinlar chiqadi. Lekin har qanday qo‘ziqorinni bilib-bilmay tanovul qilish ko‘ngilsiz hodisalarga sabab bo‘lishi mumkin.

Qo‘ziqorindan zaharlanishni ikki turi mavjud ammo ayni bir vaqtda ikki tur birga uchrashi mumkin.

1-turi bahorda paydo bo‘ladigan “oq paganka”ni iste’mol qilganda yuz beradi. Chunki uni yeyish mumkin bo‘lgan oddiy momaqaldiroq qo‘ziqorindan farqlash qiyin. Bu qo‘ziqorin tarkibida gel’vsl kislotasi nihoyatda ko‘p bo‘lib o‘ta pishib yetilgan yoki eskirgan qo‘ziqorin tanasidagi grometrin moddasi qo‘ziqorin pishganda, qaynatilgandan so‘ng ham o‘zining zaharli xususiyatlarini yo‘qotmasligi mumkin. Mazkur kislota ona suti orqali chaqaloqlarga o‘tib, bolani ham zaharlashi mumkin.

2-turi yoz-kuz oylarida ko‘proq uchraydi. Bunga “qizil va kulrang muxomorlar”ni iste’mol qilish sabab bo‘ladi. Yashirin davri 2-3 soat va undan oshiq davom etadi. Nerv sistemasi faoliyatida o‘zgarishlar bo‘lishi bu zaharlanish uchun ayniqsa xarakterlidir. So‘lak oqishi, ko‘p terlash va ko‘zdan yosh oqishi kuzatiladi, oyoq-qo‘llar muzlaydi, puls sekinlashadi va sustlashadi, alahsirash, tirishish kuzatiladi, bolalarda ko‘z qorachig‘ining kengayishi yoki torayishi kuzatiladi. Bemor davolanganda 2-3 sutkadan keyin sog‘ayib ketadi. 1-2% atrofida o‘lim xodisalari ro‘y beradi.

Bemorlarga tez tibbiy yordam ko‘rsatilsa, odatda 1-2 kundan keyin sog‘ayib ketadi. O‘z vaqtida davo choralari ko‘rilmagan vaqtlarda bemorning ahvoli og‘irlashib, fojiali yakun topishi ham mumkin. Bunday nohush holatlarni kuzatilmasligi uchun har bir shaxs zaharli va zaharsiz qo‘ziqorinlarni ajrata olishi lozim.

Bozorlar va savdo do‘konlaridan qo‘ziqorin xarid qilmoqchi bo‘lsangiz, gigiyenik va muvofiqlik sertifikatlari hamda veterinariya-sanitariya laboratoriya mutaxassislari tomonidan beriladigan ma’lumotnomani talab qiling. Qo‘ziqorinlarni turg‘un savdo shaxobchalaridan, belgilangan joylardan tegishli sifatini kafolotlovchi hujjatlari bor bo‘lgan taqdirda xarid qiling.

 

M.Nurullayeva

Viloyat SEO va JS boshqarmasi

mehnat gigiyenasi bo‘limi sanitariya vrach yordamchisi

14-04-2025, 15:41
← Ortga qaytish