Bosh sahifa / Maqolalar / Yangiliklar / Gripp qanday kasallik? Yuqish yo‘llari va profilaktikasi

Gripp qanday kasallik? Yuqish yo‘llari va profilaktikasi

 

Gripp — nafas yo‘llarida vujudga keladigan yuqumli kasallik bo‘lib, uni viruslar keltirib chiqaradi. Gripp bo‘lganda burun, tomoq va ba’zi hollarda o‘pka zararlanadi. Gripp yengil yoki og‘ir shakllarda o‘tishi mumkin.

Gripp mavsumi oktabr noyabr oylarida boshlanadi va fevral oyida eng yuqori cho‘qqisiga yetadi.

Gripp kasalligining yuqish yo‘llari

Gripp qo‘zg‘atuvchisi havo tomchilari orqali tarqaladigan virus bo‘lib, kasallangan odam yo‘talganda, aksirganda yoki so‘zlashganda havoga tarqaladigan zarralardan  burun yoki og‘iz bo‘shlig‘i orqali yuqadi.

Gripp qanday paydo bo‘ladi va rivojlanadi?

Grippning virusi avval yuqori nafas yo‘llariga zarar yetkazadi, keyin organizm bo‘ylab tarqala boshlaydi, so‘ng hujayralarni shikastlaydi. Grippning inkubatsion davri infeksiya yuqqandan to birinchi alomatlar paydo bo‘lishigacha bo‘lgan vaqt (2-4 kun) hisoblanadi.

Bugungi kunda grippning to‘rtta asosiy turi mavjud:

A gripp: tez o‘zgaradi, mavsumiy epidemiyalarni va hatto pandemiyani keltirib chiqaradi.

B gripp: bu turdagi gripp ham mavsumiy epidemiyalarni keltirib chiqaradi, ammo u A grippiga qaraganda kamroq mutatsiyaga uchraydi.

C gripp: kasallik kamdan kam tarqaladi va epidemiyalarga sabab bo‘lmaydi, ammo bu turdagi gripp yosh bolalarda og‘ir o‘tadi.

D gripp: qoramollarga yuqadi va odamlarga ta’siri yo‘q.

Grippning belgilari

Yuqori tana harorati. Asosan 2-5 kun davom etadi, harorat 37,8 ° C dan yuqori bo‘ladi.  Bosh og‘rig‘i, mushak va bo‘g‘imlardagi spazmlar. Bu grippning umumiy belgilari bo‘lib, boshqa turdagi shamollashdan ko‘ra kuchli kechishi bilan farq qiladi. Ba’zi bemorlarda ko‘z atrofi og‘riydi va yorug‘likdan qo‘rquv yuzaga keladi.

Charchoq. Grippning asosiy belgilari ortda qolgandan keyin zaiflik va umumiy charchoq bir necha hafta davom etishi mumkin.

Yo‘tal, tomoq og‘rig‘i va burun oqishi. Bu belgilar isitma va mushakdagi og‘riqlarga qaraganda yengilroq kechadi.

Grippni qanday davolash lozim?

 Ko‘proq dam olish;

-  Suvsizlanish va intoksikatsiyani oldini olish uchun ko‘proq suyuqlik ichish;

- Isitma, bosh og‘rig‘i va mushak og‘rig‘ini qoldirish uchun ibuprofen yoki parasetamol kabi vositalarni qabul qilish;

-  Shifokor retsepti bo‘yicha viruslarga qarshi preparatni qabul qilish mumkin.

Gripp profilaktikasi

Profilaktikaning eng samarali usuli vaksinatsiyadir. Grippga qarshi emlash samarali va xavfsizdir.

Emlash mumkin bo‘lmagan holatlar ham mavjud, ammo ular ko‘p emas: 

6 oylikdan kichik chaqaloqlar;

Oldingi vaksina yoki uning tarkibiy qismlariga nisbatan kuchli allergik reaksiyalar (agar sizda biror-bir dori yoki oziq-ovqat mahsulotiga qattiq allergik reaksiya yuzaga kelgan bo‘lsa, vaksinani tanlashda shifokor bilan maslahatlashishni unutmang);

Surunkali kasalligi bor bemorlar;

Homiladorlik va laktatsiya davri emlash man qilingan holat hisoblanmaydi.

 

Nuriya Idiyeva

epidemiolog vrach yordamchisi


10-10-2025, 16:23
← Ortga qaytish