Bosh sahifa / Ochiq ma’lumotlar / Maqolalar / QIZAMIQDAN EHTIYOT BO‘LING!

QIZAMIQDAN EHTIYOT BO‘LING!

Qizamiq – o‘tkir yuqumli kasallik bo‘lib, tana haroratining ko‘tarilishi, yuqori nafas yo‘llari, ko‘z shilliq pardalari, og‘iz bo‘shlig‘ining yallig‘lanishi va terida qizil, yirik dog‘li toshmalar toshishi bilan xarakterlanadi. Kasallik qo‘zg‘atuvchisi virus hisoblanishini alohida ta’kidlash joiz. Bemor yo‘talganda, aksirganda, gaplashganda tupugining mayda tomchilari orqali havoga tushadi, keyin nafas yo‘llari orqali sog‘lom bolaning organizmiga o‘tishi bilan xarakterlanadi.

Shu o‘rinda qizamiqqa odatda hamma kishilar beriluvchan bo‘lishini unutmaslik lozim. Kasallikdan so‘ng turg‘un immunitet hosil bo‘ladi. 

Kasallikni kechishi 4-bosqichda namoyon bo‘ladi, yashirin davri esa 6-18 kunni tashkil etadi. Unutmaslik kerakki kasallik belgilari deyarli sezilmaydi. Prodromal davr inkubatsion davrdan keyin 3-4 kun davom etadi.

Kasallik o‘tkir boshlanib, temperatura ko‘tariladi, bemor quruq yo‘taladi, tumov ,  ko‘zi qizarib, yoshlanadi, tovushi bo‘g‘ilib qoladi,  yorug‘likka  o‘ta sezuvchan bo‘ladi.

Bu davrda og‘iz bo‘shlig‘ining shilliq qavatida toshma toshishdan 2-3 kun oldin qizil mayda oq dog‘lar paydo bo‘ladi. Toshma toshgandan keyin 1-2 kunda yo‘qolib ketadi. Yumshoq va qattiq tanglayning shilliq pardasida Enantema mayda qizil dog‘lar paydo bo‘ladi. Tabiiyki bolaning darmoni qurib, injiq bo‘lib qoladi, uyqusi, ishtahasi yo‘qoladi, tez-tez ichi ketadi.

Katta yoshli bolalarda bu jarayon qanday kechishiga ham e’tibor qaratadigan bo‘lsak, bosh og‘rig‘i, qusish, burundan qon ketishi, qorin sohasida og‘riq kuzatiladi. Toshma toshish davrida bemorda qayta tana harorati ko‘tariladi, tomog‘i qizaradi. 4-6 kunga kelib o‘ziga xos qizil, yirik dog‘ toshmalar toshadi,  bir necha soatdan so‘ng butun tanaga tarqaladi.

Toshma toshishining ikkinchi kuni badan, uchinchi kuni esa oyoq-qo‘llarga tarqalishi kuzatiladi. Qizamiq kasalligida teri nam bo‘lib, bir oz teri qichishadi. 3-4 kundan so‘ng sog‘ayish davri boshlanadi. Yuzdagi toshmalar  qoraya boshlaydi va  jigar rang dog‘larga aylanadi. Zotiljam  (o‘pka yallig‘lanishi), tomoq bezlardagi o‘zgarishlar, o‘rta quloqning yallig‘lanishi (otit), ichak kasalliklari kabi asoratlar kuzatiladi.

Qizamiq kasalligi ayniqsa 2 yoshgacha bo‘lgan bolalar, shuningdek, boshqa yoshdagi nimjon bolalar uchun ayniqsa xavfli hisoblanadi. Shu sababdan  ularni  qizamiqdan juda ehtiyot   qilish zarur.

Bolalarni emlash kalendariga asosan 12-oylikdan boshlab qizamiq, qizilcha, parotit kasalliklariga qarshi emlash muhim ahamiyatga ega. Yana shuni qayd etish lozimki, farzandlarimiz mazkur kasalliklarga qarshi emlansalar har qanday ko‘ngilsiz holatlar bartaraf etiladi.

Farzandlarimizning salomatligi o‘z qo‘limizda ekan, e’tiborli bo‘lishni unutmaylik! 


G.Raxmatillayeva

Sanepidqo‘mita Navoiy viloyati boshqarmasi mutaxassisi


 

30-01-2026, 11:22
← Ortga qaytish