Bosh sahifa / Maqolalar / Yangiliklar / Mutaxassis tavsiyasi. Issiq havoda oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash qoidalari

Mutaxassis tavsiyasi. Issiq havoda oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash qoidalari

Yoz mavsumida havo haroratining yuqori bo‘lishi oziq-ovqat mahsulotlarida bakteriyalar va boshqa zararli mikroorganizmlarning tez ko‘payishiga sabab bo‘lishi mumkin. Bu esa ovqatdan zaharlanish va o‘tkir ichak yuqumli kasalliklari rivojlanish xavfini oshiradi. Shu sababli oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilish, tashish va saqlashda quyidagi qoidalarga qat’iy amal qilish tavsiya etiladi.
Asosiy tavsiyalar:
Tez buziladigan mahsulotlar (go‘sht, parranda go‘shti, baliq, sut va sut mahsulotlari, tuxum, yarim tayyor mahsulotlar)ni muzlatkichda +2…+6 °C haroratda saqlang.
Muzlatilgan mahsulotlarni –18 °C yoki undan past haroratda saqlash tavsiya etiladi. Eritilgan mahsulotni qayta muzlatmang.
Tayyor ovqatlarni xona haroratida 2 soatdan ortiq, havo harorati 32 °C va undan yuqori bo‘lganda esa 1 soatdan ortiq qoldirmang.
Xom va tayyor oziq-ovqat mahsulotlarini alohida saqlang. Xom go‘sht, baliq va parranda mahsulotlarining sharbatlari boshqa mahsulotlarga tegmasligiga e’tibor bering.
Oziq-ovqat mahsulotlarini qopqog‘i mahkam yopiladigan, oziq-ovqat uchun mo‘ljallangan toza idishlarda saqlang.
Muzlatkichni me’yoridan ortiq to‘ldirmang. Sovuq havo erkin aylanishi mahsulotlarning xavfsiz saqlanishiga yordam beradi.
Meva va sabzavotlarni iste’mol qilishdan oldin oqar suvda yaxshilab yuving.
Tayyor ovqatlarni iste’mol qilishdan oldin kamida 70 °C gacha yaxshilab isitish tavsiya etiladi.
Xarid vaqtida mahsulotning ishlab chiqarilgan sanasi, yaroqlilik muddati, saqlash sharoiti va qadog‘ining butunligiga alohida e’tibor qarating.
Rangi, hidi yoki ta’mi o‘zgargan, qadog‘i shikastlangan yoki yaroqlilik muddati o‘tgan mahsulotlarni iste’mol qilmang.

Unutmang!
Oziq-ovqat mahsulotlarini to‘g‘ri saqlash nafaqat mahsulot sifatini saqlab qoladi, balki ovqatdan zaharlanish hamda o‘tkir ichak yuqumli kasalliklarining oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi. Har bir fuqaroning sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilishi o‘z salomatligi va yaqinlari salomatligini asrashga xizmat qiladi.


3-08-2026, 09:25
← Ortga qaytish