Bolalar uchun mo‘ljallangan oziq-ovqat mahsulotlari laboratoriyada sifati va xavfsizligini ta’minlash maqsadida olti xil tekshiruvdan o‘tkaziladi: mikrobiologik (patogen mikroorganizmlar), sanitar-kimyoviy (xavfli kimyoviy moddalar), toksik elementlar (qo‘rg‘oshin, simob), fizik-kimyoviy (yog‘, oqsil, namlik), xususiy xavf omillari (pestisidlar, antibiotiklar) va organoleptik baholash (tashqi ko‘rinish, ta’m). Bola organizmining sezgirligi sababli bu nazoratlar salomatlikni asrash uchun muhim ahamiyatga ega.
Bolalar iste’moli uchun mo‘ljallangan oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va xavfsizligiga alohida e’tibor qaratiladi.
Xo‘sh, laboratoriyada bunday mahsulotlar qanday tekshiruvlardan o‘tkaziladi?
Mikrobiologik tekshiruv
Mahsulot tarkibida inson salomatligi uchun xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan mikroorganizmlar bor-yo‘qligi aniqlanadi.
Jumladan, ayrim patogen va shartli-patogen mikroorganizmlar bo‘yicha laboratoriya tekshiruvlari o‘tkaziladi.
Sanitar-kimyoviy ko‘rsatkichlar
Mahsulotning xavfsizligiga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan kimyoviy moddalar va birikmalar belgilangan me’yorlar asosida baholanadi.
Toksik elementlar
Oziq-ovqat tarkibida qo‘rg‘oshin, kadmiy, simob va mishyak kabi toksik elementlarning miqdori nazorat qilinadi.
Mahsulotning fizik-kimyoviy ko‘rsatkichlari.
Mahsulot turiga qarab uning namligi, kislotaliligi, yog‘, oqsil, uglevod va boshqa ko‘rsatkichlari tekshirilishi mumkin.
Maxsus xavf omillari
Ayrim mahsulotlar uchun nitratlar, mikotoksinlar, pestisidlar qoldiqlari, antibiotiklar yoki boshqa nazorat qilinishi lozim bo‘lgan moddalar bo‘yicha ham tekshiruvlar o‘tkaziladi.
Organoleptik baholash
Mahsulotning tashqi ko‘rinishi, rangi, hidi, ta’mi va konsistensiyasi kabi xususiyatlari ham baholanadi.
Nega bu tekshiruvlar muhim?
Bola organizmi tashqi ta’sirlarga nisbatan sezgir bo‘lgani uchun oziq-ovqat mahsulotlarining xavfsizligiga qo‘yiladigan talablar muhim ahamiyatga ega.
Laboratoriya nazorati — bolalar dasturxoniga qo‘yiladigan mahsulotlar xavfsizligini ta’minlashda muhim bosqichdir.
Sifatli va xavfsiz oziq-ovqat — bola salomatligining muhim garovi!
Sanitariya-epidemiologik nazorat — salomatlikni asrashga xizmat qiladi.
Jahongir Umirzoqov