Bosh sahifa / Yangiliklar / Maqolalar / 31-may — Butunjahon tamakisiz kun

31-may — Butunjahon tamakisiz kun

Dunyodagi bolalarning deyarli yarmi tamaki tutuni bilan ifloslangan havodan nafas oladi va har yili 65 ming nafar bola atrof-muhitdagi tamaki tutuni taʼsiridan kelib chiqqan kasalliklardan vafot etadi. Homiladorlik paytida chekish esa chaqaloqlarda umr boʻyi davom etadigan jiddiy kasalliklarga olib kelishi mumkin. 

Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining maʼlum qilishicha, dunyo boʻylab 13–15 yoshdagi 37 million nafar oʻgʻil-qiz tamakini u yoki bu shaklda isteʼmol qiladi. JSSTning Yevropa mintaqasida esa 13–15 yoshdagi 11,5 foiz oʻgʻil bolalar va 10,1 foiz qizlar tamaki chekadi. Tamaki tarkibidagi nikotin qaramlikni keltirib chiqaradi hamda uning isteʼmoli yurak-qon tomir va nafas olish tizimi kasalliklari, saratonning 20 dan ortiq turi va boshqa koʻplab nogironlikka olib keluvchi xastalikning rivojlanishi uchun asosiy xavf omilidir. Har yili 8 million nafardan ortiq odam tamaki isteʼmoli oqibatlaridan vafot etadi.

Baʼzi mahsulotlar, masalan, elektron sigaretalar, qizdiriladigan tamaki mahsulotlari va nikotinli snyuslar yoshlar orasida tez ommalashmoqda. Shuningdek, dunyoning barcha hududlarida bolalar oʻrtasida elektron sigaretani isteʼmol qilish koʻrsatkichlari kattalarnikidan yuqori. Ayrim mamlakatlarda elektron sigaretalarning maktab oʻquvchilari orasida tarqalgani odatdagi sigaretalarga qaraganda 2-3 baravar katta koʻrsatkichga ega. 

2023-yil 24-mayda Oʻzbekiston Respublikasining “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda isteʼmol qilinishini cheklash toʻgʻrisida”gi qonuni qabul qilinishi nafaqat yurtdoshlarimiz, balki xalqaro hamjamiyat tomonidan ham mamnuniyat bilan qarshi olindi. Joriy yilning 18-mayida Vazirlar Mahkamasi tomonidan Tamaki mahsulotlari toʻgʻrisidagi texnik reglament tasdiqlandi. Hozirda vakolatli organlar tomonidan tamaki mahsulotlarining noqonuniy aylanmasiga qarshi choralar koʻrilib, ularning zarari toʻgʻrisida aholining xabardorligini oshirish boʻyicha targʻibot tadbirlari oʻtkazilmoqda. 

Xalqaro chekishga qarshi kurashish kunining global maqsadi hozirgi va kelgusi avlodni tamakining nafaqat sogʻliq uchun salbiy jihatlaridan, balki ijtimoiy, ekologik va iqtisodiy talafotlarning yomon oqibatlaridan himoya qilishga qaratilgan.


30-05-2025, 12:30
← Ortga qaytish