BOLALARDA “DIAREYA” KASALLIGI

Diareya kasalligi ko‘proq yilning issiq paytlarida uchraydi. Ular kasallik ko‘zg‘atuvchi mikroblar ta’sirida rivojlanadi.

Mikroblar odam organizmiga og‘iz orqali tushib, ichak yo‘lida ko‘payadi va devorini  yallig‘lantiradi. Shuning uchun najasda shilliq modda va qon bo‘lishi mumkin. Ba’zi mikroblar o‘zidan toksin, ya’ni zahar ajratish xususiyatiga ega. Ushbu toksin qonga so‘rilib, butun tanani zaharlaydi.

Kasallikning yuqish yo‘llari:

Kasallik asosan bemordan yuqadi.

Mikroblar bemorning najasi, so‘lagi, siydigi, qusug‘i bilan tashqi muhitga ajralib chiqadi.

Yuqumli oshqozon-ichak kasalliklarining tarqalishida pashsha, suvarak va shu kabi boshqa xashoratlarning ham o‘rni katta. Ular asosan xojatxona, axlatxona, go‘ngxona va kir o‘ralarida tuxum qo‘yib yetiladi. Pashsha o‘zi bilan millionlab mikrob va gijja tuxumlarini olib yuradi. Ochiq qolgan, iste’molga tayyor oziq-ovqat mahsulotlariga qo‘nib, ularni ifloslantiradi.

Yuqumli oshqozon-ichak kasalligi quyidagicha namoyon bo‘ladi:

Ichning odatdagidan ko‘ra tez-tez va suyuq ketishi;

Ba’zi xollarda najasda qon bo‘lishi;

Ko‘ngil aynish, qusish, darmon kurishi.

Bolalarda yuqoridagi xolatlar kuzatilsa, zudlik bilan shifokorga murojaat qilish zarur.

Vrach kelgunga qadar uy sharoitida bemorga qanday yordam berish kerak 

Bolani qancha xoxlasa, shuncha ko‘p emizish lozim.

Bolaga odatdagidan ko‘ra ko‘proq suyuklik ichirishga harakat qilish kerak.

Bolani odatdagidek ovqatlantirib turish lozim.

Bolaga o‘z bilganingizcha, shifokor bilan maslahatlashmasdan turib, turli xil dori vositalari, jumladan antibiotik berish mumkin emas.

Bemor bolaga qanday suyuqliqlar ichirish lozim:

Bemorga regidron eritmasidan ichirib turish kerak. Agar qo‘l ostingizda regidron bo‘lmasa, bemorga oddiy qaynatilgan iliq suv, guruch qaynatmasi, kefir, qatiq, ko‘k choy, gazlanmagan mineral suvlar, suyuq ovqatlar, anor po‘sti va na’matak qaynatmasini ichirish mumkin.

Suvsizlanishni kamaytirish uchun har ich ketganda 2 yoshgacha bo‘lgan bolaga yarim piyola, 2 yoshdan katta bo‘lsa, bir piyola suyuqliq ichirish zarur bo‘ladi.

Bir vaqtning o‘zida ko‘p miqdorda suyuqlik ichirmang, chunki bu qayd qilishga olib kelishi mumkin. Agar bola qayd qilsa suyuqlik ichirishni 10 daqiqa davomida to‘xtatib turish, so‘ngra odatdagidan biroz sekinroq ravishda davom etirish lozim.

Regidron eritmasini tayyorlash:

a) bir paket Regidron poroshogining (kukunining) hammasini bir litrli, toza idishga solinadi;

b) Bir litr toza, qaynatib sovutilgan suv qo‘shiladi;

v) Poroshok (kukun) eriguncha yaxshilab aralashtiriladi;

Eritmani og‘zi yopiq yoki berkitilgan idishda salqin joyda saqlash lozim.

Har kuni yangi eritma tayyorlab, bir kun oldin tayyorlangan eritmani ishlatish mumkin emas.

Ozodalik salomatlik garovi

Go‘daklar uchun idish tovoqlarni alohida tuting, ishlatilganidan so‘ng, tozalab yuvib,  ustiga toza doka yopib qo‘yish lozim.

Iste’molga tayyor oziq-ovqat mahsulotlarini ochiq holda qoldirmang.

Bolaga faqat qaynatilan suv bering.

Bolalarni so‘rg‘ichga o‘rgatmang. So‘rg‘ich bolalarga kasallik yuqtiruvchi omil bo‘lishi mumkin.

Bolalarni yoshligidan boshlab, hojatdan so‘ng va ovqatlanishdan oldin qo‘llarni sovunlab yuvishga odatlantiring.

Kichik yoshdagi bolalarni tuvaklarga o‘tirishga o‘rgating. Tuvaklarni vaqtida tozalab yuving va kuritib qo‘ying.

Maxalla, ko‘cha va xonadonlarga axlat to‘planib qolishiga yo‘l qo‘ymang.

 Zamira Hamroyeva

Viloyat SEO va JS boshqarmasi O‘XYuK bo‘limi

epidemiolog vrach yordamchisi


SO`NGGI YANGILIKLAR
Boshqarma haqida

Sanitariya-epidemiologiya xizmatini amalga...

Xizmat vazifa va funksiyalar

Boshqarmaning xizmat vazifa va funksiyalar to...

SO`ROVNOMA

    Boshqarma ish faoliyatini baholang

Top

MAXSUS IMKONIYATLAR

Ko`rinish

A
A
A

Shrift o`lchami

0% ga kattalashtirish
?

Ekran suxandoni