OIV infeksiyasi – faqat odamlarda uchraydigan surunkali yuqumli kasallikdir. Kasallikning manbai OIVni yuqtirib olgan odamdir. Virus bemor odam organizmida butun hayoti davomida saqlanib qoladi.
OIV infeksiyasining kechishi bir necha davrdan iborat. OIV infeksiyasining yashirin davri bir necha oydan 5-10 yil va undan ortiq bo‘lishi mumkin. Bu davrda virusni yuqtirib olgan shaxslar ko‘rinishidan sog‘lom bo‘lib, ularda kasallikning hech qanday belgilari kuzatilmaydi. Kasallikning shu davri ancha xavfli hisoblanib, OIVni yuqtirib olgan shaxslar o‘zlari bilmagan holda kasallikni boshqalarga yuqtirishi mumkin.
OIV infeksiyasida o‘z me’yorida ishlab turgan immunitet tizimi yillar davomida virusning tajovuzini bosib turadi. Virus organizmda to‘siqsiz ko‘payib asta-sekin immunitet tizimini mutlaqo izdan chiqaradi.
Agar tegishli davo choralari ko‘rilmasa orttirilgan immunitet tanqislik sindromi (OITS) rivojlanadi. Bu davrda organizm turli xil yuqumli kasalliklarga juda beriluvchan bo‘lib qoladi.
OIV infeksiyasi 3 xil yo‘l bilan yuqadi:
Parenteral – teri va shilliq qavatlar butunligini buzilishi bilan amalga oshiriladigan muolajalar: OIV infeksiyasi bilan zararlangan, tekshirilmagan qon va qon mahsulotlari bemorlarga quyilganda, a’zo va to‘qimalar ko‘chirib o‘tkazilganda, nosteril tibbiy va notibbiy asboblardan foydalanilganda (qon qoldiqlari mavjud bo‘lgan ustara va tish chyotkalari umumiy ishlatilganda, tatuirovka, kosmetika muolajalarida, bir martalik shpritslarni qayta ishlatilganda).
Jinsiy aloqa orqali – betartib jinsiy hayot kechiruvchi shaxslar orasida ko‘proq uchraydi.
Vertikal – OIVni yuqtirib olgan homiladorlardan homilaga yoki chaqaloqqa: homiladorlik davrida (agar yo‘ldosh jarohatlangan bo‘lsa), tug‘ruq jarayonida va tug‘ilgandan so‘ng ko‘krak suti bilan emizganda.
OIV quyidagi hollarda yuqmaydi:
Jarohatlanmagan teri va shilliq qavatlar orqali kasallik yuqmaydi. Shuning uchun bemor bilan bitta idishdan ovqat yeyish, u bilan gaplashish, qo‘l berib ko‘rishish, quchoqlashish, umumiy cho‘milish havzalari, hojatxonadan foydalanish xavfli emas. Kasallikni qon so‘ruvchi hashoratlar (chivin, bit, kana va boshq.) orqali yuqishi isbotlanmagan.
OIV infeksiyasi yuqish xavfini qanday kamaytirish mumkin?
oilaga, turmush o‘rtog‘iga to‘liq vafodor bo‘lish;
faqat shaxsiy ustara, tish chyotkalari va boshqa shaxsiy gigiyena vositalaridan foydalanish;
tibbiy muolajalar olish zaruriyati tug‘ilganda faqatgina steril, bir marotaba ishlatiladigan instrumentlardan foydalanish.
Kasallikning qanday belgilari mavjud?
Xususan, OIV infeksiyasiga xos belgilar mavjud emas. Ayrim bemorlarda kasallik yuqqanidan keyin 8-10 hafta o‘tgach birlamchi o‘tkir klinik ko‘rinish davri rivojlanishi mumkin. Bu davrda bemorda gpippga xos belgilar kuzatiladi. Bunda kamquvvatlik, ishtahaning pasayishi, ko‘p terlash, tana haroratining ko‘tarilishi, limfa bezlari, jigar, taloqning kattalashuvi kuzatiladi.
Kasallikning avj olish davrida bemor gepatit, sil, nafas yo‘llari va oshqozon-ichak tizimini zararlovchi turli kasalliklarga beriluvchan bo‘lib qoladi. Bu davrda bemorga yuqqan qo‘shimcha kasalliklarning belgilari namoyon bo‘ladi. Bunday belgilar bo‘g‘imlardagi og‘riq, bemor terisida har xil toshmalar paydo bo‘lishi, yo‘tal, uzoq muddat davomida ich ketishi sifatida kuzatilishi mumkin.
Yuqorida ta’riflangan belgilarning qaysi kasallikka tegishli ekani faqat shifokor tomonidan aniqlanishi mumkin.