Quturish - xavfli kasallik

Quturish o‘ta xavfli o‘tkir yuqumli kasallik bo‘lib, issiqqonli hayvon va odamlarda uchraydi. Quturish kasalligini nerv tizimini shikastlantiruvchi viruslar ko‘zg‘atadi. Viruslar ko‘plab miqdorda quturish kasalligiga chalingan hayvonlarning so‘lagi bilan tashqi muhitga ajraladi. Kasallikning asosiy manbai quturish kasalligiga chalingan it, mushuk, kalamush, bo‘ri, chiyabo‘ri hisoblanadi.

It odamlar bilan yaqin bo‘lganligi uchun ham kasallik yuqtirish jihatidan xavflidir. Itlarda quturishning 2 turi  - shiddat bilan kechadigan va tinch (falajlik) turlari tafovut qilinadi. Shiddat bilan kechadigan turi asta-sekin boshlanadi. Itning bezovta, yovuz bo‘lib qolganini atrofdagi odamlar sezib qolishadi. It irillaydi, gir-gir aylanadi, jazavasi tutadi, yeb bo‘lmaydigan narsalarni g‘ajiydi, odatdagi ovqatlarni yemay qo‘yadi. Bekordan bekorga vovullayveradi, havodan xuddi bir narsani tishlab olayotganday harakat qiladi. Bu paytda uning qiynalib yutinayotgani seziladi. O‘zi yashayotgan uydan qochib ketadi. Quturgan itlar duch kelgan hayvonlarga hatto odamlarga ham hujum qiladi. Odatda indamay borib tishlaydi va nariga qochib ketadi. Boshqa quturgan hayvonlarga qaraganda itlarda suvdan qo‘rqish alomati kam uchraydi. It qiynalib bo‘lsa ham suv ichadi, keyin yotib qoladi, itning yuqori jag‘, til va ko‘zi butunlay falaj bo‘lib qoladi. Itning so‘lagi ko‘p oqa boshlaydi. Tana muskullari, orqa oyoqlari va dumi falajlanadi hamda juda ko‘p holatlarda it tirishib o‘lib qoladi.

Quturishning tinch kechadigan turida qo‘zg‘alish davri bilinmaydi, falajlik erta boshlanadi. Chaynov muskullari falaj bo‘lib qolgani tufayli itning pastki jag‘lari osilib turadi. It egalari suyak tiqilib qolgan bo‘lsa kerak deb itning og‘ziga qo‘l tiqadilar va uni olib tashlamoqchi bo‘ladi, bu paytda tish qo‘lni tirnab, so‘lak bilan zararlanadi. Quturish kasalligi hayvonlarda asosan 4-8 kun davom etadi.  Quturishga chalingan hayvon murdasini kamida 2 metr chuqurlikda o‘ra qazib ko‘mish yoki yoqib yuborish kerak. Quturishdan o‘lgan hayvonlarni aslo axlatxonalarga tashlash yoki ochiq joylarda qoldirish o‘ta xavflidir.

Odamda quturish kasalligining yashirin davri juda qisqa 12-15 kun va uzoq bo‘lishi 2-6 oygacha va bundan ham cho‘zilishi mumkin.  Kasallikning boshlang‘ich davrida bemorlarda hayvon tishlagan joyda yoki shu joydan o‘tgan nerv tolalarida achishish seziladi, keyin tortishib lo‘qillab og‘riydi, og‘riq hayvon tishlagan joydan yuqori tomon yo‘naladi. Kasallikning xarakterli xususiyati shuki, bemorning kayfiyati juda tushib ketadi, yuragi siqilib, g‘am-g‘ussaga botadi.  Bemor uyqusida bezovta bo‘ladi va qo‘rqinchli tushlar ko‘radi, ishtahasi bo‘lmaydi, bemorning ahvoli 1-2 kun mobaynida shunday turadi, keyin nafas olish va yurak urishi buziladi. Tana harorati ko‘tariladi.

Kasallikning qo‘zg‘alish  davrida bemor juda bezovta bo‘la boshlaydi, chanqaydi va quturish uchun xarakterli bo‘lgan yutish qiyinlashadi, suyuqlikni qiynalib yutadi. Bemorning tana harorati ko‘tariladi, suvdan, havo (shamol)dan, yorug‘likdan, tovushdan qo‘rqish alomatlari paydo bo‘ladi. Bemorning ovozi bo‘g‘iladi, terlaydi, so‘lagi oqadi, tomirning tez-tez urishi davom etadi, nafas olishi buziladi. Muskullarni tortishishi nafas va yutinish muskullaridan boshlanib, keyin hamma muskullarga tarqaladi. Nafas olishga qiynaladi, havo yetishmayotganligidan noliydi. Bemorning ko‘ziga har xil narsalar ko‘rinadi, yerda emaklab, ust boshini yirtib, o‘zini timdalab tashlaydi. Bemorning so‘lagi ko‘p oqadi va qayt qiladi.  Kasallik avjiga chiqqanda bemor beixtiyor siyib yuboradi va ichi ketadi. Kasallikning bu davri 2-3 kun davom etadi. 

Kasallikning falajlik davrida odatda tirishish xurujlaridan keyin oyoqlar chala falaj bo‘lib qoladi, so‘ngra qo‘llar falajlanadi, bemor qimirlamay o‘rinda yotadi. So‘ngra bemor to‘satdan xushidan ketadi, tana harorati 41 gradusgacha ko‘tariladi va o‘lib qoladi (u tinch yotgan paytida yoki juda kam hollarda xuruj tutayotgan paytda o‘lim sodir bo‘ladi).

Ayrim hollarda kasallik qo‘zg‘alish va suvdan qo‘rqish alomatlarisiz kechadi. Kasallik boshlangan dastlabki paytdayoq odatda oyoqlar falaj bo‘lib qoladi. Ba’zan kasallikning aralash turlari uchraydi, bunda qo‘zg‘alish va erta paydo bo‘ladigan falajliklar bir me’yorda kechadi.

Hozirgacha jahonning ko‘pgina institutlari va labaratoriyalarida quturish virusiga ta’sir etadigan vositalarni izlash davom etmoqda. Shu bilan birga quturish virusi yuqqan odam antirabik (quturishga qarshi) emlashni o‘z vaqtida olish bilan kasallikning oldini olish mumkin. Antirabik vaksina olish davrida spirtli ichimliklar mutlaqo ma’n qilinadi. 

Odam organizmiga quturish virusi tushgandan keyingina u quturishga qarshi emlana boshlaydi. Vrach buyurganlarini to‘la bajargandagina odam ushbu dahshatli kasallik bilan og‘rib qolmaydi. Shuning uchun hayvon – it, mushuk tishlab, teriga so‘lagi tekkan har qanday hollarda yoki tirnaganda tezda vrachga borishi lozim, faqat vrach yaraning jiddiy ekanini aniqlaydi va kerakli davo kursini tayinlaydi. 

Quturish kasalligini oldini olish uchun quyidagi tavsiyalarga rioya qilish lozim:

1. Uy hayvonlarini ayniqsa, itlarni bog‘langan holda saqlang. Ularni qarovsiz qoldirmang. Begona it va mushuklar bilan muloqot qilishiga yo‘l qo‘ymang!

2. Hayvonlarni quturishga qarshi emlating!

3. Qarovsiz daydi it va mushuklarning paydo bo‘lishiga zinhor yo‘l qo‘ymang!

4. Farzandlaringizga qarovsiz va kasal itlar bilan muloqot qilmaslik zarurligini, quturish kasaligi hayvonlardan nafaqat tishlashi, shuningdek so‘lagining tegishi va tirnashi natijasida ham yuqishi mumkinligini muntazam eslatib turing!

5. Hayvonlarni parvarishlash madaniyatiga rioya qiling va boshqalarni ham shunga o‘rgating!

6. Agar bordiyu it (mushuk) tishlasa, yoki so‘lagi tegsa, jarohatning katta kichikligidan qat’iy nazar, zudlik bilan shifokorga  murojaat qiling!


UNUTMANG! Hayvon tishlashidan o‘zini asrash, tishlaganida esa, o‘z vaqtida tibbiy yordamga murojaat qilish va emlashni shifokor tavsiyasiga qat’iyan rioya qilgan holda olish, quturish kasalligini oldini olishning oltin qoidasi ekanligini unutmaslik lozim.


 Gulbahor Raxmatillayeva

Navoiy viloyati Sanitariya - Epidemiologik Osoyishtalik 

va Jamoat Salomatligi  boshqarmasi

OAV va jamoatchilik bilan ishlash bo‘limi mutaxassisi 


SO`NGGI YANGILIKLAR
Boshqarma haqida

Sanitariya-epidemiologiya xizmatini amalga...

Xizmat vazifa va funksiyalar

Boshqarmaning xizmat vazifa va funksiyalar to...

SO`ROVNOMA

    Boshqarma ish faoliyatini baholang

Top

MAXSUS IMKONIYATLAR

Ko`rinish

A
A
A

Shrift o`lchami

0% ga kattalashtirish
?

Ekran suxandoni