O‘tkir yuqumli ichak kasalliklari va ularni oldini olish chora tadbirlari to‘g‘risida

Yilning issiq kunlarida aholi, ayniqsa bolalar o‘rtasida o‘tkir yuqumli ichak kasalliklari tez-tez uchrab turadi. Bu kasalliklarni turli mikroorganizmlar keltirib chiqaradi. Kasallikning qo‘zg‘atuvchisini turiga qarab, kasalliklar ichterlama, salmonellyoz, ichburug‘, iersineoz, rotavirus, enterovirus kabi nomlar bilan yuritiladi.

Bu kasalliklarni aksariyathollarda bakteriyalar va viruslar qo‘zg‘atadi.

O‘tkir yuqumli ichak kasalliklarida kasallik qo‘zg‘atuvchilarining manbalari bemor va bakteriya tashuvchilar hisoblanadi. Ichburug‘ kasalligi bilan og‘rigan bemorning 1 gr. axlatida 1 milliongacha, qorin tifi bilan og‘rigan   bemor yoki bakteriya tashuvchining 1 gr. axlatida esa 10 million donagacha kasallik tarqatuvchi bakteriyalar bo‘lishi mumkin.

Ichak infeksiyalari qo‘zg‘atuvchilarining barchasi tashqi muhitga ancha chidamli bo‘ladi. Masalan, qorin tifi mikroblari oqar suvda, sabzavot va mevalarda 5 kundan – 10 kungacha, ko‘lmak suvda 1 oygacha, non va non mahsulotlari yuzasida 50 kungacha tirik saqlansa, vabo qo‘zg‘atuvchilari oqar suvda 18 kundan 5 oygacha, non va non mahsulotlari yuzasida bir necha kun davomida tirik saqlanadi. Vabo qo‘zg‘atuvchilari suvda, salmonellyoz qo‘zg‘atuvchilari oziq-ovqat mahsulotlarida qulay sharoitlarda hattoki ko‘payishi ham mumkin.

O‘tkir yuqumli ichak kasalliklarining yuqish yo‘llari bir-biriga o‘xshash bo‘lsada, ularning har birini yetakchi yuqish omillari bor. Masalan, qorin tifi va vabo kasalliklarida yetakchi yuqish omili suv hisoblansa, ichburug‘ va salmonellyoz kasalliklarida esa yetakchi yuqish omillariga oziq-ovqat mahsulotlari kiradi. Bu guruh yuqumli kasalliklar maishiy-muloqot yo‘li bilan ham yuqadi.

O‘tkir yuqumli ichak kasalliklari mavsumiy yuqumli kasalliklar hisoblanib, bu kasalliklar asosan yilning yoz va kuz fasllarida ko‘proq uchraydi. Kasalliklarning yoz oylarida ko‘proq uchrashiga bir qancha omillar sabab bo‘ladi:

- Issiq vaqtlarda insonlarning qaynatilmagan suvlarni ko‘p miqdorda ichishlari natijasida oshqozondagi xlorid kislotasining konsentratsiyasipasayib ketishi va buning oqibatida organizmning immunobiologik xususiyati (immunitet) pasayadi va kasalliklarga chalinishga zamin yaratadi;

- Yaxshi saqlanmagan va uzoq muddat turib qolgan ovqatlarni iste’mol qilganda;

- Ho‘l mevalarni yaxshi yuvmasdan iste’mol qilinganda;

Shu kasallik bilan og‘rigan bemor bilan muloqotda bo‘lganda;

Ochiq suv havzalarida va iflos basseynda cho‘milgan paytlarda suv bilan mikroblarning organizmga tushishi natijasida;

- Yosh bolalar iste’mol qilishi uchun mo‘ljallangan sun’iy ovqatlarni tayyorlash qoidalariga rioya qilinmaganda;

O‘tkir yuqumli ichak kasalliklarining tarqalishida pashshalar ham katta rol o‘ynaydi. Ular iflos joylarga tuxum qo‘yib, ko‘payib, kasallik qo‘zg‘atuvchi mikroorganizmni o‘ziga ilashtirib oladi hamda oziq-ovqat mahsulotlariga qo‘nib, ularga mikroblarni tarqatadi.

Kasallik qo‘zg‘atuvchilarining odam organizmiga tushib, toki kasallikning ilk alomatlari paydo bo‘lgunicha ma’lum bir vaqt o‘tadi. Bu davr belgilarsiz kechadi va uni kasallikning yashirin davri deyiladi. O‘tkir yuqumli ichak kasalliklarida bu davr bir necha soatdan 21 kungacha davom etadi. Salmonellyoz kasalligida yashirin davr 6 soatdan 2 kungacha, ichburug‘ kasalligida 2 kundan 7 kungacha, qorin tifida 7 kundan 21 kungacha va virusli gepatitning “A” turida 7 kundan 35 kungacha davom etadi. Bu davr ayrim holatlarda qisqarishi va cho‘zilishi mumkin.

O‘tkir yuqumli ichak kasalliklari bilan og‘rigan bemorlarda tana haroratining yuqori bo‘lishi, ko‘ngil aynishi, qayt qilish, qorin sohasida og‘riq bo‘lishi, ishtahasizlik, umumiy holsizlik, ich ketishi va buning natijasida bemor tanasi suvsizlanib, og‘ir asoratlar, kuzatilishi mumkin.

Agarda qayd qilish, ich ketish tana harorati ko‘tarilishi kabi kasallik belgilari kuzatilsa, darhol shifokorga murojaat qilishlari zarur. Aks holda o‘z bilganicha, noto‘g‘ri muolaja qilish, antibiotiklardan noo‘rin foydalanish yoki o‘z vaqtida davo-choralari ko‘rilmasligi oqibatida og‘ir asoratlar kelib chiqishi mumkin.

Aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, sanitariya tozaligi va obodonlashtirish ishlarini muntazam amalga oshirish, umumiy ovqatlanish, oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish va ularning savdosi bilan shug‘ullanadigan korxonalarda sanitariya qoida va talablariga rioya qilish hamda aholini sanitariya madaniyatini ko‘tarish, o‘tkir yuqumli ichak kasalliklarining oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Bu kasalliklarning oldini olishda shaxsiy gigiyenaning roli ham juda katta. O‘tkir yuqumli ichak kasalliklari “iflos qo‘l kasalliklari” deb bejiz aytilmagan.

Ovqatlanishdan oldin, hojatxonadan so‘ng, qo‘llarni sovunlab yuvish, tirnoqlarni o‘z vaqtida olish, qo‘llarni doimo pokiza saqlash, oilada o‘z sochig‘idan, to‘y – marakalarda shaxsiy dastro‘molchadan foydalanish, o‘tkir yuqumli ichak kasalliklarining oldini olishda muhim rol o‘ynaydi.

Bugungi kunda ham to‘y–marakalarda, oshxonalarda yuzlab kishilar 1-2 ta sochiqqa qo‘l artishadi, ko‘pincha ovqat pishirishga, salat va salqin ichimliklar, sharbatlar tayyorlashda, idish-tovoqlar, qoshiq-sanchqilar, piyola va stakanlar yuvishga tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan, gigienik bilimlari yetarli bo‘lmagan kishilar jalb etiladi. Ba’zida idish-tovoqlar shunchaki sovuq suvda chayilib, sochiqlarga artiladi.

Dehqon bozorlarida yakka tartibda sotilayotgan sifati kafolatlanmagan tayyor oziq-ovqat mahsulotlarining iste’mol qilinishi va ko‘chalarda sifati kafolatlanmagan qo‘lbola tayyorlangan salqin ichimliklar, sharbatlar, ayron va boshqa ichimliklarni iste’mol qilish ham o‘tkir yuqumli ichak kasalliklarining qayd etilishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Tashqi muhitni, ayniqsa ochiq suv havzalari ifloslanishining oldini olish, aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, sifatli suv va oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilish hamda shaxsiy gigiyena qoidalariga puxta amal qilish – o‘tkir yuqumli ichak kasalliklari oldini olish garovidir.

Kasallikni davolashdan ko‘ra, uning oldini olish ming bor afzal ekanligini unutmasligimiz kerak.

Kasallikni oldini olish uchun tavsiyalar:

- Suvni qaynatilgan holda ichish kerak.

- Birinchi galda ozodalikka rioya qilish, ayniqsa qo‘llarni ovqatdan oldin va hojatdan keyin sovunlab yuvish zarur. Umuman ishda, jamoat joylarida bolalar muassasalarida shaxsiy gigiyena qoidalarga rioya qilish kerak.

- Bozorlardan ho‘l mevalarni xarid qilganingizda tozaligini bilmasdan, daraxtlardagi pishgan mevalarni yuvmasdan iste’mol qilmaslik, aksincha mevalarni yaxshilab yuvib iste’mol qilish.

- Yaxshi saqlanmagan va uzoq vaqt turib qolgan ovqatlarni yoki salatlarni iste’mol qilmaslik.

- Ochiq suv havzalarida, basseynda cho‘milganda suvlarni tozaligiga va cho‘milish jarayonida suv yutmaslikka e’tibor berish kerak.

- Sovutgichlarni toza tutish, undagi mahsulotlarni o‘z vaqtida iste’mol qilish va tez-tez yangilab turish; Mahsulotlarni sovutgichda saqlash qoidalariga to‘liq rioya qilish, tayyor va xom mahsulotlarni alohida saqlash.

 Uyda, bolalar muassasalarida, umumiy ovqatlanish joylarida kunlik taomlarni bir marta iste’mol uchun yetarli miqdorda tayyorlab, uzoq muddat saqlamasdan tarqatish. Oldingi kundan, avvalgi ovqatlanishdan qolgan ovkatlarni iste’mol uchun ishlatmaslik.

- Kun tartibini to‘g‘ri rejalashtirish, jismonan faol bo‘lish kerak. Chunki jismoniy harakat insonni qarshilik kuchini (imunitet) chidamli qiladi.

- Atrof-muhitni, yashash  xonalarni va umumiy foydalanadigan joylarni doimo ozoda bo‘lishini ta’minlash kerak.


 

Oyxon Xudoyberdiyeva

Navoiy viloyat SEO va JS boshqarmasi

Bolalar va o‘smirlar gigiyenasi bo‘limimudiri


SO`NGGI YANGILIKLAR
Boshqarma haqida

Sanitariya-epidemiologiya xizmatini amalga...

Xizmat vazifa va funksiyalar

Boshqarmaning xizmat vazifa va funksiyalar to...

SO`ROVNOMA

    Boshqarma ish faoliyatini baholang

Top

MAXSUS IMKONIYATLAR

Ko`rinish

A
A
A

Shrift o`lchami

0% ga kattalashtirish
?

Ekran suxandoni