"O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i to‘g‘risida"gi qonun 1991 yil 18 noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining navbatdan tashqari o‘tkazilgan VII sessiyasida qabul qilingan.
Davlat ramzlari har bir xalqning mustaqilligi, ozodligi, tinchligi va barqarorligi timsoli hisoblanadi. Davlatchiligimiz tarixining qaysi davrini olmaylik, bayroq ajdodlarimiz uchun ozodlik, kuch-qudrat, jasorat, g‘alaba timsoli bo‘lgan. Bayroq ostida el birlashgan, jipslashgan, uni dushman qo‘liga topshirmaslik jiddida jonini tikishgan.
Bayrog‘imiz 1992 yil 2 martidan O‘zbekiston to‘laqonli suveren respublika sifatida tan olinganining ramzi sifatida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh qarorgohi oldida ham hilpiray boshladi.
Bayrog‘imiz yurtimizda hukm surayotgan tinchlik, obodlik, millatlararo totuvlik, qut-baraka, biz erishayotgan bemisl yutuqlar va kelajakka bo‘lgan mustahkam ishonch ramzi sifatida qalbimizga tuganmas iftixor bag‘ishlaydi.