Leyshmaniozlar va ularning profilaktikasi

Leyshmanioz - bu dunyoning 98 ta davlatida keng tarqalgan, endemik, tropik kasalliklardan biri bo‘lib taxminan 350 million odamning ushbu kasallik bilan kasallanish ehtimoli mavjud.

Leyshmaniozlar - odam va hayvonlarda uchraydigan transmissiv protozoy kasallik bo‘lib, qo‘zgatuvchisi leyshmaniyalar (Leishmania) hisoblanadi va qo‘zg‘atuvchilar bilan iskabtopar Phelebotomus tashuvchi bo‘lib, chaqish yo’li bilan kasallikni yuqtiradi. Iskabtoparlarning o‘zlari esa bemor odam, itlar, yovvoyi hayvonlar va kemiruvchilarni chaqish orqali zararlanadi. Zararlanish mavsumi yilning may oyidan oktabrigacha, kasallik mavsumi esa kuz fasli yoki kelgusi yilning bahor oylariga to’g‘ri keladi.

O‘zbekiston sharoitida visseral va teri-leyshmaniozi ko‘proq uchraydi.

Visseral leyshmanioz:

O‘zbekistonda visseral leyshmanioz kasalligi asosan Namangan, Navoiy, Samarqand va Jizzax viloyatlarida qayd etiladi.

Kasallik manbai - it va itsimonlar (buri, chiyaburi, tulki) oilasiga kiruvchi hayvonlar hisoblanadi.

Visseral leyshmanioz o‘z vaqtida maxsus davo kursi o‘tkazilmaganda, yuz foiz o‘lim holati bilan yakun topishi mumkin bo‘lgan xavfli kasallik hisoblanadi.

Kasallik asosan 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar, katta yoshdagilar orasida immuniteti past bo‘lgan odamlar ko‘proq chalinadi. Kasallikning yashirin davri 10 kundan 3 oygacha, ayrim hollarda 1 yilgacha cho’zilishi mumkin. Kasallikning asosiy klinik belgilaridan biri jigar va taloqning kattalashishi hisoblanib, taxminan 10 foiz bemorlarda jigar sirrozi kuzatiladi.

Kasallikning oxirgi bosqichlarida tanada shishlar paydo bo‘lishi, ozib ketish (kaxeksiya) va giperpigmentatsiya (kala-azar «qora kasal») kuzatiladi.

Kasallikning ilk belgilari paydo bo‘lganda, darhol shifokorga murojaat qilish kerak, chunki kasallik asorati, uning to‘g‘ri va o‘z vaqtida o‘tkazilgan maxsus davo kursiga bog‘liq.

Teri-leyshmaniozi: Kasallikning ushbu shakli O’rta Osiyo (Turkmaniston, O‘zbekiston), Kavkazorti Yaqin sharq, Afrika davlatlarida keng tarqalgan. Kasallik iskabtopar chaqqan joyda teri qoplamining zararlanishi va yaralarning paydo bo‘lishi bilan xarakterlanadi. Aholi migratsiyasining rivojlanishi ushbu kasallik nafaqat endemik, balki boshqa geografik hududlarda ham tarqalishiga sabab bo‘lmoqda.

O‘zbekistonda teri leyshmaniozining o‘ziga xos klinik belgilari, qo‘zgatuvchi biologiyasining o‘ziga xosligi va kasallikning epidemiologik tarqalishiga ko‘ra ikkita turi uchraydi: zoonoz va antroponoz.

Zoonoz yoki o‘tkir-nekrozli teri leyshmanioz. Kasallik rezervuari: Respublikaning cho’l hududlarida keng tarqalgan katta qum va qizil dumli sichqonlar va boshqa kemiruvchilar hisoblanadi. Teri leyshmaniozi kasalligi bilan barcha yoshdagilar kasallanishi mumkin.

Kasallik tez-tez uchrab turadi, yashirin davrining qisqaligi bilan ajralib turadi (1 haftadan 1-2 oygacha). Kasallikning eng avj olgan vaqti, ya’ni mavsumiyligi yozning oxiri va kuz oylariga to‘g‘ri keladi.

Antroponoz teri leyshmanioz. Kasallik asosan iskabtoparlar yashaydigan shahar va shahar tipidagi posyolkalarda uchraydi. Mahalliy aholi o‘rtasida asosan bolalar, chetdan keluvchilar orasida barcha yoshdagilar ko’proq kasallikka chalinadi. Kasallikka yozgi va kuzgi mavsumiylik xos bo‘lib, bu tarqatuvchilarning faolligi bilan bog‘liqdir. Kasallikka barcha yoshdagilar beriluvchan. Zoonoz teri leyshmaniozidan uzoq yashirin davri (bir necha oydan yilgacha) va ikkita o‘ziga xos bo‘lgan jihati, yani bemor yuzi, qo‘l va oyoqlarida yaraning asta sekin paydo bo‘lishi va terining kamroq zararlanishi bilan ajralib turadi.

Kasallik tarqatuvchilarga qarshi chora tadbirlar:

Iskabtoparlarni yo‘qotish va ularning chaqishidan himoyalanish yetakchi chora tadbirlardan biri hisoblanadi.

Aholi yashash joylari va iskabtoparlarning ko‘payish joylarida (parranda va hayvonlar saqlanadigan xo‘jalik xonalari, hojatxonalar, yerto‘lalar, kemiruvchilar inlari, chiqindi to‘plangan joylar, chiqindi solish idishlari va loydan qilingan eski devorlar  ularga qarshi dorilash ishlari o‘tkaziladi.

Umumiy sanitariya chora tadbirlari (xonalarni tozalash, chiqindilarni yo‘qotish) va aholi yashash punktlarini obodonlashtirish, chiqindilarni o‘z vaqtida olib ketish, yerto‘lalarni quritish aholi yashash punktlarida buta va changalzorlarni yo‘qotish bilan iskabtoparlarni ko‘payishiga chek qo‘yiladi. Mexanik tozalash o‘tkazilgan joylarda insektitsidlar bilan dorilash ishlari amalga oshiriladi.

 

Iroda Rajabova

Entomolog


 

SO`NGGI YANGILIKLAR
IMAGE
Bo'sh ish orinlari

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash...

Boshqarma haqida

Sanitariya-epidemiologiya xizmatini amalga...

SO`ROVNOMA

    Boshqarma ish faoliyatini baholang

Top

MAXSUS IMKONIYATLAR

Ko`rinish

A
A
A

Shrift o`lchami

0% ga kattalashtirish
?

Ekran suxandoni