JSST (Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti) ma’lumotlariga ko‘ra, har yili dunyo miqyosida 570 mingdan ortiq ayolda bachadon bo‘yni saratoni birinchi bor qayd etiladi. Ularning 311 mingi ushbu kasallik oqibatida vafot etadi.
O‘zbekistonda ham bachadon bo‘yni saratoni barcha yoshdagi ayollar o‘rtasida ko‘krak bezi saratonidan keyingi o‘rinda turadi va keng tarqalgan saraton xastaligi hisoblanadi. Tug‘ish yoshidagi ayollar (18-45 yosh) orasida kasalliklardan o‘lim ko‘rsatkichi bo‘yicha esa bachadon bo‘yni saratoni ko‘krak bezi saratonidan keyin ikkinchi o‘rinda turadi, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda bachadon bo‘yni saratoni har 100 ming ayoldan 11 nafarida uchraydi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda bachadon bo‘yni saratoniga chalinish ko‘proq 35-55 yoshli ayollar orasida kuzatilmoqda. Kasalliklarni erta bosqichda aniqlash uchun yiliga 3 million kishini skrining tekshiruvlaridan o‘tkazish va 35-65 yoshdagi ayollarni bachadon bo‘yni va ko‘krak bezi saratoni uchun skrining bilan qamrovini 70 foizga oshirish vazifasi qo‘yilgan.
Kasallanish va o‘lim darajasi yuqori bo‘lishiga qaramasdan odam papilloma virusi yuzaga keltiradigan bachadon bo‘yni saraton oldi kasalliklarini to‘liq davolash imkoni mavjud. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, bachadon bo‘yni saratoni 90 foiz holatlarda odam papilloma virusi tomonidan chaqirilgan infeksiyalardan boshlanadi.
Saraton rivojlanishning dastlabki bosqichlarida aniqlansa, uni ham to‘liq tuzatish imkoniyatlari mavjud.
Demak, bachadon bo‘yni saratonining oldini qizlarni odam papilloma virusiga qarshi emlash orqali ham olish mumkin.
O‘zbekistonda 9-14 yoshli qizlarni odam papilloma virusiga qarshi emlash ishlari 2019 yilda boshlangan bo‘lib, Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda 94 foiz qizlar emlangan.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ayollarga bachadon bo‘yni saratoniga chalinmasliklari uchun 25-49 yosh davrlarida har 3 yilda, 50-64 yosh davrlarida esa har 5 yilda skrining tekshiruvlaridan o‘tib turishlarini tavsiya etadi. Qizlarni kelajakda bachadon bo‘yni saratoni kasalligidan saqlash uchun esa ularni 9-14 yosh davrida odam papilloma virusiga qarshi emlash tavsiya etiladi.
VPCH (odam papillomasi virusi) vaksina bilan emlashdan keyin inson organizmi virusga qarshi tanachalar ishlab chiqaradi. Agar virus qachondir organizmga kiradigan bo‘lsa, unga qarshi himoya tizimi ishlab chiqiladi. VPCH vaksina bilan emlash natijasida samaradorlik kuzatilmoqda.
Avstraliya, Belgiya, Germaniya, Shvetsiya, Buyuk Britaniya, AQSH, Yangi Zelandiyada olib borilgan tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, emlangan ayollar orasida bachadon bo‘yi patologik o‘zgarishlari yuzaga kelish hollari kamayishi yana ham aniq kuzatilgan. Avstraliya va Daniya davlatlarida kasallanish 80 foizgacha pasaygan.
Internet materiallari asosida joylashtirildi