Iste’molga yaroqli zamburug‘dan ham zaharlanish mumkin!

Zamburug‘lar iste’moli bilan bog‘liq qiziqarli va foydali ma’lumotlar:

– Iste’mol qilish mumkin bo‘lgan va zaharli zamburug‘larni bir-biridan ajratish murakkab. Ko‘p hollarda ular bir-biriga o‘xshaydi. Oq zamburug‘, qizil qo‘ziqorin, shampinyon va opyonok turlari iste’molga yaroqli zamburug‘lardir. Zaharli (qizil muxomor, kulrang muxomor, satanin, sariq soxta zamburug‘)larni iste’mol qilganda, tuzlangan yoki marinovka qilingan zamburug‘larni ruxlangan idishlarda saqlaganda zaharlanish ro‘y beradi.

Tabiatda  zamburug‘larning 100 mingdan ortiq turi uchraydi. Qo‘ziqorinlar ham shulardan biri.

Yurtimizda qalpoqchali zamburug‘larning 200 dan ziyod turi mavjud. Ulardan 150 dan ziyod botanik turi zaharli, atigi 25 turigina iste’mol uchun yaroqli hisoblanadi.

Iste’molga yaroqli qo‘ziqorinlar ma’danli moddalar, oqsil hamda “C” va “B” guruhlariga mansub darmondorilarga juda boydir. Uning eng asosiy ustunligi – tarkibida oqsilning mo‘lligida. Zamburug‘da oqsil tuxumdan 2, go‘shtdan 3 barobar ko‘p ekan. Fosfor va kalsiy borasida baliq qatori.

Zamburug‘ qondagi xolesterin miqdorini pasaytiradi. U, shuningdek, qandli diabet bilan og‘rigan kishilarga foydali.

Iste’molga yaroqli – “smorchok” va “strochok” qo‘ziqorinlaridan noto‘g‘ri taom tayyorlanganda ham kishi zaharlanib qolishi mumkin. Chunki, ular tarkibida zaharli gelvelat kislota bo‘lib, u suvda yaxshi eriydi, shuning uchun bunday turdagi qo‘ziqorinlarni iste’mol qilishdan oldin qaynatib, suvini to‘kib tashlash kerak.

Avtomagistral yo‘l yoqalari, zaharli og‘ular hamda kimyoviy moddalar saqlanadigan omborxonalarning tevarak-atroflarida o‘sadigan zamburug‘lardan ham zaharlanish holatlari kuzatiladi. Chunki mashinalardan chiqadigan is-gazlar va zaharli moddalarni qo‘ziqorinlar o‘ziga singdirib oladi, demak bunday holatlarda iste’molga yaroqli bo‘lgan zamburug‘lardan ham odam zaharlanadi.

Zamburug‘dan zaharlanganda kasallik belgilari iste’mol qilingan zamburug‘nning turiga qarab, turlicha namoyon bo‘ladi. Masalan, qizil muxomor tarkibida muskaridin va muskarin alkaloidlari mavjud. Qizil muxomordan zaharlanganda kasallik belgilari 1-2 soat o‘tgach namoyon bo‘ladi. Asab tizimi faoliyatida o‘zgarishlar, so‘lak oqishi, ko‘p terlash, ko‘zdan yosh oqishi mumkin, tomir urishi (puls) sekinlashadi va sustlashadi, bemorlarda alahsirash (gallyutsinatsiya), titrash, shuningdek, ko‘z qorachig‘ining kengayishi yoki torayishi kuzatiladi.

Bemorlarga tez tibbiy yordam ko‘rsatilsa, odatda 1-2 kundan keyin sog‘ayib ketadi. O‘z vaqtida davo choralari ko‘rilmagan vaqtlarda bemorning ahvoli og‘irlashib, fojiali yakun topishi ham mumkin. Bunday nohush holatlarni kuzatilmasligi uchun har bir shaxs zaharli va zaharsiz qo‘ziqorinlarni ajrata olishi lozim.

Bozorlar va savdo do‘konlaridan zamburug‘ xarid qilmoqchi bo‘lsangiz, gigiyenik va muvofiqlik sertifikatlari hamda veterinariya-sanitariya laboratoriya mutaxassislari tomonidan beriladigan ma’lumotnomani talab qiling. Zamburug‘larni turg‘un savdo shoxobchalaridan, belgilangan joylardan tegishli sifatini kafolatlovchi hujjatlari bor bo‘lgan taqdirda xarid qiling.

Albatta ko‘pchilikning zamburug‘dan mazali taom tayyorlash uchun bahorda  tog‘u dashtlarga borib terishda imkoni cheklangan. Borganda ham zaharli bo‘lmagan zamburug‘ni tanish va ajratib olish mushkul ish, lekin hohish va istakni qondarish uchun nima qilish kerak? Birgina to‘g‘ri yo‘l bu - bozorlar, marketlarimizda issiqxona sharoitida yetishtirilgan veshenka, shampinyon kabi zamburug‘larni tavsiya qilaman. Zamburug‘li mazali taomlar va salatlar tayyorlashni bexavotir va xavfsiz tanlov hozirgi kunda issiqxona zamburug‘laridir. Ta’mi va foydaliligi tabiiy zamburug‘lardan aslo kam emas.

 

Akbar Tursunov
Sanepidqo‘mita Navoiy viloyat boshqarmasi
Oliy toifali mutaxassisi


SO`NGGI YANGILIKLAR
IMAGE
Bo'sh ish orinlari

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash...

Boshqarma haqida

Sanitariya-epidemiologiya xizmatini amalga...

SO`ROVNOMA

    Boshqarma ish faoliyatini baholang

Top

MAXSUS IMKONIYATLAR

Ko`rinish

A
A
A

Shrift o`lchami

0% ga kattalashtirish
?

Ekran suxandoni