Ko‘klam odatdagidan seryog‘in kelsa, yomg‘irning ko‘p yog‘ishi, momoqaldiroq, chaqmoq chaqishi – qir-adirlarda, yaylovlarda chorva rizqi mo‘l bo‘lishiyu, qo‘ziqorinlar mavsumining avjidan darak beradi.
Ma’lumki, tabiatda zamburug‘larning 100 mingdan ortiq turi uchraydi.
Qo‘ziqorinlar ham shulardan biri. Aytishlaricha, zamburug‘lar hayvonot va o‘simliklar dunyosining oralig‘ida bo‘lgan alohida guruh hisoblanar ekan. Ya’ni, zamburug‘lar na o‘simlik, na hayvon.
Yurtimizda qalpoqchali zamburug‘larning 200 dan ziyod turi mavjud bo‘lib, ulardan 150 dan ziyod botanik turi zaharli, atigi 25 turigina iste’mol uchun yaroqli hisoblanadi. Zamburug‘larning yesa bo‘ladigan ana shu turlarini “qo‘ziqorin” deb ataymiz. Sutga to‘ygan qo‘zichoqning qorniga o‘xshagani uchun shunday nom berilgan bo‘lsa kerak-da.
Odamlar qadim zamonlardan buyon qorin to‘ydirish hamda ko‘plab kasalliklarni davolash maqsadida qo‘ziqorinlardan foydalanganlar. Ammo ushbu ajoyib o‘simlikning foydali xususiyatlarini o‘rganish faqat o‘tgan asrda boshlangan. Deyarli har bir tadqiqot qo‘ziqorin turlarining yangi xususiyatlarini ochib beradi.
Agar qo‘ziqorinlar ekologik jihatdan noqulay sharoitda o‘sgan bo‘lsa, to‘g‘ri tayyorlanmagan bo‘lsa yoki saqlash qoidalari kuzatilmagan bo‘lsa inson salomatligiga jiddiy xavf tug‘diradi.
Qo‘ziqorinlarning tarkibi uning turiga, o‘sish joyiga, yoshiga va boshqa omillarga bog‘liq. Eng ko‘p foydalaniladigan qo‘ziqorinlarda A, D, E, PP, V guruhi, kaliy, kalsiy, fosfor, temir, oltingugurt, yod kabi mikroelementlar mavjud. Ba’zi qo‘ziqorinlar tarkibida A va V guruh vitaminlari ba’zi sabzavotlardagidan ko‘ra serob. Shuningdek, ortiqcha yog‘lar umuman kuzatilmaydi. Qo‘ziqorin tarkibida, aminokislotalar, efir moylari, fermentlar va boshqa kerakli moddalar mavjud.
Qo‘ziqorinning foydali xususiyatlari:
immunitetni mustahkamlashga yordam beradi;
qo‘ziqorinlarda mavjud lesitin tomirlarni tozalash va xolesterinni kamaytirishga yordam beradi, aterosklerozning oldini oladi;
zamburug‘larning muntazam iste’moli aqliy qobiliyatga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi;
qo‘ziqorinlar asab tizimi uchun foydali, ziqlikdan xalos qiladi;
mutaxassislar qo‘ziqorinlarni ortiqcha tana vazniga ega bo‘lgan odamlarning ratsioniga kiritishni tavsiya qiladilar, chunki ular juda to‘yimli, ochlikni tez qondiradi;
oq qo‘ziqorin – teri, soch va tirnoqlarning sog‘lig‘i uchun foydalidir. Shuningdek, qalqonsimon bezning normal faoliyatiga yordamlashadi;
mutaxassislar fikriga ko‘ra, qo‘ziqorinlarning shampinyon turi bosh og‘rig‘ini davolaydi;
Oyster qo‘ziqorinlari inson organizmini har xil kasalliklardan himoya qiladi. Chunki ularning tarkibidagi PP vitamini bor. Radioaktiv moddalarni to‘plamaydi, aksincha ularni organizmdan chiqaradi.
Yaponiyada juda keng tarqalgan shiitake qo‘ziqorinlari inson salomatligi uchun foydali hisoblanadi. Ulardan saraton va boshqa kasalliklarni davolashda foydalaniladi.
Qo‘llash mumkin bo‘lmagan holatlar:
qo‘ziqorinlarni homilador va emizikli ayollar, yosh bolalar, shuningdek, oshqozon-ichak trakti ishlashi buzilgan odamlarga iste’mol qilish tavsiya qilinmaydi;
qo‘ziqorinlar hazm bo‘lishi og‘ir yegulik hisoblanadi, shuning uchun ularni ortiqcha va tez-tez tanovul qilish ovqat hazm qilish tizimiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Oqibatda peptik yara, pankreatit va boshqa kasalliklarni olib kelishi mumkin.
Ba’zi qo‘ziqorinlar zararli bo‘lib, inson salomatligiga jiddiy xavf solishi mumkin. Qo‘ziqorin haqiqatdan ishonchli bo‘lishi uchun, uni to‘g‘ri tanlash, tayyorlash texnologiyasi va saqlash qoidalariga rioya qilish kerak. Odamlar o‘zi bilar-bilmas terib olgan qo‘ziqorinlarni ovqatga ishlatishdan ehtiyot bo‘lishi kerak.
Esingizda bo‘lsin, zaharli qo‘ziqorinlar hayotingiz uchun o‘ta xavflidir!
Sanepidqo‘mita Navoiy viloyati boshqarmasi viloyatimiz aholisini qo‘ziqorindan zaharlanmaslik uchun ehtiyot choralarini qo‘llashga chaqiradi.
G.Raxmatillayeva
Sanepidqo‘mita Navoiy viloyati boshqarmasi mutaxassisi