Assalomu alaykum, hurmatli jurnalist va blogerlar!
Muxbir va ommaviy axborot vositalari xodimlari!
Keyingi yillarda mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy, iqtisodiy, xalqaro hayotida amalga oshirilayotgan muhim islohotlar, o‘zgarishlar ommaviy axborot vositalarida chuqur tahlil qilib borilayotgani, jahon media maydonida milliy segmentning hissasi ortib borayotganini alohida e’tirof etish lozim. Bunday tendensiya islohotlarimiz samaralarini oshirishga, jamoatchilik nazoratini, fuqarolarimizning ijtimoiy faolligini kuchaytirishga xizmat qiladi.
O‘zining bilim va salohiyatiga, ishchanlik fazilatlariga ishongan rahbar, tanqiddan qo‘rqmay, ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikni xalq bilan muloqotning samarali vositasi deb biladi. Aslida bunday muloqot, taraqqiyotimizni ta’minlaydigan eng asosiy omillardan biridir.
Ommaviy axborot vositalari xolislik, adolat va qonun ustuvorligini ta’minlash, milliy manfaatlarimizni himoya qilish, jamiyatdagi turli illatlarga o‘z vaqtida va faol qarshi chiqish, korrupsiyani tomirigacha yo‘qotish borasida izchil kurashib kelayotgani ularning pozitsiyasini bildiradi.
Viloyatimiz yosh va navqiron bo‘lishiga qaramasdan, zabardast jurnalistlar, qalami qilni qirq yoradigan muxbirlar, zamonaviy fikrlaydigan hamda kreativ yondashuvchi blogerlar milliy kontent yaratishda o‘z yo‘lini topib olgani, Navoiy maktabini yaratgani sir emas.
Aziz ommaviy axborot vositalari xodimlari!
Matbuot vakillari!
27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari kuni kasb bayrami bilan barchangizni muborakbod etaman. Jamiyatdagi muammolarni to‘la-to‘kis hal etish, taraqqiyotga to‘siq bo‘layotgan kamchiliklarni tezkorlik bilan ilg‘ab olish, ularga yechim izlab topishda jamoatchilik nazoratini o‘rnatishda Sizlarning hissangiz katta. Bugungi bayram bilan barchangizni tabriklayman! Sizlarga tinchlik va osoyishtalik, oilaviy xotirjamlik, kuch-quvvat va salomatlik tilayman! Adolat uchun kurashda tolmang!