Suvchechak – bu gerpes oilasiga mansub virus tomonidan chaqiriluvchi, o‘ta yuqumli infeksion kasallik hisoblanib, asosan kuchli intoksikatsiya belgilari va teridagi spesifik pufakchali toshmalar bilan xarakterlanadi.
Suvchechak bilan asosan bolalar og‘rib, katta yoshda juda kam uchraydi. Suvchechak mikrobi o‘ta uchuvchan bo‘lib, 20 metr radiusdagi organizmni zararlashi mumkin.
Virusni tarqalishi:
1. Havo-tomchi yo‘li bilan: gaplashayotganda, yo‘talganda, aksa urganda;
2. Kontakt yo‘l: bemorning so‘lagi yoki pufakchalari tarkibi zararlanmagan teriga tushganda;
3. Vertikal: onadan bolasiga homiladorlik paytida, homilador ayol suvchechak bilan og‘risa.
Suvchechak belgilari.
Suvchechak belgilari bosqichma-bochqich rivojlanadi:
1. Suvchechak virusi odam tanasiga tushgach, burun, halqum va og‘iz shilliq qavatlari hujayralariga kirib borib, shu yerda to‘planib ko‘payadi. Bu inkubatsion davr deyilib, o‘rtacha 7-14 kun davom etadi.
2. Ma’lum miqdorga yetgach virus qonga o‘tib tarqaladi. Bunga javoban organizm reaksiya bildirib: yengil temperatura, teridagi qizil toshmalar, bo‘shashish, ko‘ngil aynishi, ishtaha susayishi va bosh ogrig‘i kuzatiladi. Bu davr prodromal davr deyiladi.
3. Keyincha virus teri hujayralariga kirib borib, mahalliy shish va organizmning umumiy reaksiyasi kuzatiladi. Birinchi kuni temperatura ortadi. Toshma kancha ko‘p bo‘lsa isitma shuncha yuqori bo‘ladi. Isitma davomiyligi 2 kundan 2 haftagacha cho‘zilishi mumkin. Bemor tanasida avval qizil dog‘lar, keyin shaffof suyuqlik tutuvchi pufakchalar hosil bo‘ladi. Vaqt o‘tib bu pufakchalar yiringlashi hisobiga suyuqlik sarg‘ayishi, keyincha qurib po‘stloqcha hosil qilishi mumkin. Ya’ni, suvchechakda hamma toshmalar siklik bosqichlarni amalga oshiradi: qizarish - pufakcha – po‘stloq. Toshmalarni toshib tarqalishi ham o‘z xususiyatiga ega: avval tanada tarqaladi, keyin qo‘l-oyoqlarga o‘tadi. Kasallik og‘ir kechganda toshmalarni kaft va tovonlarga, ko‘z va og‘iz shilliq qavatlariga tarqalishi kuzatiladi.
4. Toshmalar kuchli qichishish bilan, limfa tugunlarini kattalashuvi va intoksikatsiya belgilari bilan namoyon bo‘ladi: bo‘shashish, tez toliqish, bosh og‘rishi, ko‘ngil aynishi, taxikardiya kuzatiladi. Toshmalar qay tartibda toshgan bo‘lsa shu tartibda yo‘qoladi.
5. Sog‘ayish davri: isitma tushadi, intoksikatsiya yo‘qoladi, teri po‘stloqchalari tushib ketib, o‘rnida jigar rang pigmentatsiya qoladi. Chandiqchalar faqat terini chuqur zararlangan qismlarida yoki qashlash natijasida bakterial infeksiya qo‘shilgan joylarda qoladi xolos.
Suvchechak kasalligini oldini olish uchun: eng avvalo immunitet tizimni mustahkamlash zarur. Immunitetni mustahkamlash maqsadida, birinchi navbatda tonggi badantarbiya mashqlarini bajarish,
- oqsilga hamda vitaminga boy oziq-ovqat, sabzavot mahsulotlarini iste’mol qilish,
- xizmat xonalarini va yotoqxonalar havosini tez-tez almashtirib turish,
- vaqti-vaqti bilan xonalarga isiriq tutatish ham suvchechak virusi tarqalishini oldini olishga yordam beradi.
Shuningdek, profilaktik dezinfeksiya tadbirlarini sifatli o‘tkazilishini tashkil etish maqsadga muvofiqdir.
Suvchechakni profilaktikasi
1. Umumiy profilaktika – bemorni va u bilan oxirgi 21 kun davomida kontaktda bo‘lganlarni izolyatsiya qilinadi. Bu ayniqsa bolalar bog‘chasiga yoki kazarmalarga taalluqli.
2. Spesifik profilaktika – barcha kontaktda bo‘lgan odamlarga suvchechakka qarshi immunoglobulin qilinadi. Bu ayniqsa kasallik rivojlanishi hayoti uchun jiddiy xavf uyg‘otadigan aholi qatlamiga – oy kuni yaqinlashayotgan homiladorlarga, ximioterapiya olayotgan leykoz bilan og‘rigan bemorlarga, VICh infeksiyasi bor bemorlarga, chala tug‘ilgan chaqaloqlarga taalluqli.
3. Aktiv profilaktika – odamlarga tirik kuchsizlantirilgan suvchechak vaksinasi yuboriladi. Bu asosan ilgari suvchechak bilan og‘rimagan tug‘ishni rejalashtirayotgan ayollarga o‘tkaziladi.
Nuriya Idiyeva
epidemiolog vrach yordamchisi