Exinokokk kasalligini (Echinococcbs granulosus – Batz, 1786 y.) uzunligi 0,2-0,6 santimetr, oq rangli gijjaning lichinkasi keltirib chiqaradi. Exinokokk 4 ta so‘rg‘ichli hartum va 36-40 ta ilmoqchalaridan iborat boshcha, bo‘yin, 3-4 ta har xil uzunlik va kenglikdagi kalta tanadan tashkil topgan. Eng so‘nggi tanachalarida xaltasimon bachadonlari bo‘lib, ularda 800 va undan ortiq tuxumlar bo‘ladi.
Exinokokk gijjasi oraliq va asosiy xo‘jayin organizmida rivojlanadi. Lichinkasi qoramol, qo‘y, echki, cho‘chqa, tuya, bug‘u, eshak hamda odamda oraliq xo‘jayin sifatida yashaydi. Exinokokklar uchun it, chiyabo‘ri, bo‘ri, tulki va boshqa go‘shtxo‘rlar asosiy definitiv xo‘jayin hisoblanadi. Exinokokklarning voyaga yetgan gijjalari asosiy xo‘jayin ingichka ichagining old qismida 6 oydan 2 yilgacha tekinxo‘rlik qilib yashaydi.
Gijja tuxumlari tulki, bo‘ri, bo‘rsiq, chiyabo‘ri va itlar axlati bilan tuproqqa, suvga, o‘tga, sabzavotlarga va hokazolarga tushadi. Bizning sharoitda asosan, itlar gijja tashuvchilar hisoblanib, 1 kunda 100 mingdan ortiq exinokokk tuxumlarini tashqi muhitga tarqatishi mumkin. It tumshug‘iga va yunglariga exinokokk tuxumlari yopishib qoladi. Itni silab-siypalaganda, uy jihozlariga yaqinlashganda, exinokokk tuxumlarini suv, oziq-ovqatlar, sabzavotlar bilan yutib yuborganda yoki ifloslangan qo‘lni og‘izga solganda yuqadi. Agar qoramol, qo‘y-echki, it iflos qilgan yerda yotsa, tuxumlari shu uy hayvonlarini yungiga yopishishi, undan parvarish qilishda, sog‘ishda, yungini qirqqanda, boshqa hollarda odam qo‘liga o‘tish orqali yuqishi mumkin.
Exinokokklar asosiy xo‘jayin ichaklarida 7-10 hafta ichida voyaga yetadi.
Odam organizmiga tushgan exinokokk tuxumlari oshqozon-ichak hazm sistemasi ta’sirida ustki pardasi erib ketadi. Buning natijasida lichinkaning boshlang‘ich shakli – onkosfera ichak bo‘shlig‘iga chiqadi va so‘ngra yo‘g‘on ichak epitelial qavatini yorib o‘tib qonga, qon tomirlari orqali jigar va o‘pkaga hamda boshqa organlarga o‘tadi. Bu organlarda sekin-asta exinokokk lichinkasi rivojlanadi. Exinokokk pufakchalari odamning barcha organlarida bo‘lishi mumkin, lekin ko‘proq jigar (70-80%) va o‘pkada (15-20%) tutilib qoladi, hamda exinokokkoz kasalligini keltirib chiqaradi. Exinokokk pufagi bir necha millimetrdan 30-40 santimetrgacha kattalikda (yoki bug‘doy donidan odam boshidek kattalikkacha) bo‘lishi mumkin. Exinokokk pufagining ichida 15 xil element va 11 xil aminokislotaga ega sarg‘ish suyuqlik bo‘ladi. Exinokokk devori ichki germinativ va tashqi fibrozli 2 qavat qobiqdan iborat. Exinokokk pufagida – “ona” pufakchadan tashqari “qiz” pufakcha va uning ichida “nevara” pufakcha hosil bo‘ladi. “Ona” pufakcha asta-sekin qarib o‘la boshlaydi, “qiz” pufakcha yashayveradi. Inson organizmida exinokokk pufagi 5-6 oydan 10-30 yilgacha o‘sishi va yashashi mumkin.
Kasallik belgilari asta-sekin rivojlanib, exinokokk yuqqandan bir necha yil o‘tgach birinchi simptomlar paydo bo‘ladi.
Exinokokk belgilari gijjaning joylashgan o‘rniga, pufakchalarning katta-kichikligiga va organizmning unga ko‘rsatgan qarshiligiga hamda atrofdagi to‘qimalarning zararlanganlik darajasiga bog‘liq bo‘ladi. Jigar exinokokkozi bilan og‘rigan bemorlarda asosan o‘ng biqin atroflari, bel, o‘ng yelka, o‘mrov va kurak og‘riydi.
Pufakcha yorilganda birdan kuchli og‘riq butun tanaga tarqaydi, bemor qaltiraydi, harorati ko‘tariladi, eshakemi toshadi, gipereozinofilli leykotsitoz bo‘lib, anafilaktik holat kelib chiqadi. Pufak yorilganda exinokokkoz boshqa organlarga ham tarqaladi. Exinokokk pufagi yiringlab, jigar absessi rivojlanadi, absess yorilib, qorin bo‘shlig‘iga, plevra bo‘shlig‘iga, oshqozonga, ichakka, bronxga to‘shadi, allergik reaksiya yuz berib, o‘z vaqtida yordam ko‘rsatilmasa, anafilaktik shokni keltirib chiqaradi va bemor nobud bo‘lishi mumkin.
Exinokokkozga tashhis qo‘yish uchun bemorda kasallikning klinik kechishi, epidemiologik anamnez yig‘ish, immunologik va instrumental tekshirishlar ahamiyati katta.
Instrumental tekshirish usullariga: rentgenologik, radioizotop usul, laparoskopiya va ultratovush tekshiruvlari kiradi. Ular kasallik o‘choqlari soni, uning hajmi, joylashgan o‘rni, miqdorini aniqlashda yordam beradi.
Immunologik usulda serologik, allaergik reaksiya (Katsioni reaksiyasi) va egri gemaglyutinatsiya reaksiyasi qo‘llaniladi.
Kasallikni mebendazol va albendazol antigelmint preparatlari bilan uzoq vaqt katta dozada konservativ davolash mumkin, lekin samaradorligi past. Shuning uchun hozirgi vaqtda exinakokkoz kasalligi asosan xirurgik yo‘l bilan davolanadi.
Gulshoda Rizayeva
parazitolog vrach