Sog‘lom ovqatlanish – salomatlik garovi!

Inson jismonan baquvvat, ruhan tetik bo‘lishi uchun sog‘lom turmush tarziga amal qilishi lozim. Hozirgi vaqtda butun dunyoda bo‘lgani kabi yurtimizda ham sog‘lom ovqatlanish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Aholi salomatligini mustahkamlash yo‘lida fuqarolarni sog‘lom oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash va ularning bu boradagi bilimini oshirish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, inson sog‘lig‘ining 60 foizi sog‘lom turmush tarziga amal qilishga bog‘liq ekan. Sog‘lom turmush tarzining asosiy tamoyillaridan biri esa to‘g‘ri ovqatlanish hisoblanadi.  Jismonan va ruhan baquvvat hamda faol yashash uchun har bir kishi sog‘lom turmush tarziga amal qilishi muhim ahamiyatga ega. Unga to‘liq amal qilinsa inson qarishi bilan shug‘ullanuvchi xalqaro tashkilot olimlari fikriga ko‘ra 100 - 120 yil umr ko‘rish imkoniyati mavjud. Ayrim mutaxassislar esa 180 yosh ham hayot davomiyligida chegara emasligini ta’kidlaydilar. Sog‘lom turmush tarzi tushunchasi keng ma’noga ega bo‘lib, u jismoniy faollik, zararli odatlar, ya’ni giyohvandlik, tamaki (nosvoy) chekish, spirtli ichimliklarni iste’moliga qarshi kurash va ratsional ovqatlanish kabi tadbirlarni o‘z ichiga qamrab oladi. Shu o‘rinda inson organizmiga ta’sir etuvchi minglab omillar ichida ovqatlanish ayniqsa, o‘z vaqtida va meyorida, zarur bo‘lganda esa parhezbop taomlar iste’mol qilish yetakchi ahamiyatga ega ekanligini yodda tutish lozim. Ovqatlanish tibbiy nuqtai nazardan yosh, tana tuzilishi, iqlim, mabodo kasallik bo‘lsa uning turi va davridan kelib chiqib xastalikning oldini olish uchun turli xil tartib va tarkibda tavsiya etiladi. Shundagina inson uzoq, sog‘lom va farovon umr ko‘rishi mumkin. Organizm meyorida faoliyat ko‘rsatishi uchun 600 dan ortiq ozuqalar kerak. Ulardan taxminan 90 % shifobaxsh ta’sirga ega bo‘lib, juda kam qismi tananing o‘zida yaratiladi va aksariyati tashqaridan kiradi. Bunga faqat ratsional ovqatlanish orqaligina erishish mumkin. Lekin, ko‘pchilik «ratsional ovqatlanish» deganda, mazali, to‘yimli, yuqori kaloriyali taomlarni iste’mol qilishni nazarda tutadilar. Ayrim kishilar tartibsiz, ovqatlanish ritmiga amal qilmasdan (erta naxorda yoki kechqurun yotishdan oldin) taom iste’mol qiladilar.

Lekin iste’mol qilinadigan taomlar organizm tiklanishini ta’minlasa, yo‘qotilgan energiyaga bo‘lgan talabni qondirsa, tarkibida zarur darajada oqsillar, yog‘lar, uglevodlar, vitaminlar, mikro – makroelementlar, o‘simlik tolalari saqlasa hamda oziq – ovqatlar va ularning tarkibi, miqdori oshqozon – ichak tizimi fermentlari faolligi bilan mos kelsa ratsional ovqatlanish deb ataladi.  Ratsional so‘zi lotin tilidan olingan bo‘lib, “ratsion” iborasi bir kunlik iste’mol qilinadigan ovqat ma’nosini anglatsa, “ratsional” maqsadga muvofiq, aql - idrok bilan taom iste’mol qilish degan fikrni bildiradi. Hozirgi vaqtda ratsional ovqatlanish nazariyasi negizida taom iste’mol qilishni muvozanatlashtirilgan konsepsiyasi ishlab chiqilgan. Unga asosan iste’mol qilinayotgan oziq – ovqatlar tarkibida inson uchun zarur darajadagi oqsillar, yog‘lar, uglevodlar, vitaminlar, mineral moddalar va suv bo‘lishi kerak.

Bunday yondoshishning asosiy mohiyati har bir kishi sarflaydigan energiya organizmga tushayotgan quvvatga mos kelishidan, ovqat tarkibidagi moddalarni o‘zaro mutanosibligidan, ovqatlanishni ma’lum son va oraliqda bo‘lishidan iborat.

Ovqatlanishni to‘g‘ri tashkil qilish kasalliklarni oldini olishning negizlaridan biridir,   xalqimiz salomatligini muhofaza qilish qator boshqa tadbirlar bilan birga aholi barcha guruhlarini to‘laqonli va ratsional ovqatlanishini tashkil etish va uning yordamida farzandlarimizning sog‘lom o‘sib rivojlanishi, keng aholi ommasining sog‘lig‘i va mehnat qobiliyatini saqlab turishni ta’minlashga qaratilgan. Salomatlikni mustahkamlash uchun zarur bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari tarkibidagi asosiy oziq moddalariga oqsillar, yog‘lar, uglevodlar, vitaminlar va mineral tuzlar kiradi. Mutaxassislar tavsiyasiga muvofiq, quvvat qiymati 10-15 foiz oqsillar, 30-35 foiz yog‘lar, 50 foiz uglevodlar tomonidan ta’minlanishi kerak.

Agar iste’mol qilayotgan ovqatimizda yog‘ va moylar ortiqcha bo‘lsa, qon-tomirlar aterosklerozga, oqibatda esa turli yurak va qon-tomir kasalliklariga olib keladi.

Un va qand mahsulotlarini meyordan oshiqcha iste’mol qilish esa qand kasalligi, artrit, qabziyat va saraton kasalliklarini keltirib chiqaradi.

Go‘sht mahsulotlarini ortiqcha iste’mol qilish esa qonda azot birikmalari konsentratsiyasini oshishiga, oqibatda podagra kasalligi va buyrak kasalliklariga sabab bo‘ladi.

Ovqatlar tarkibida mineral tuzlar, mikroelementlar va vitaminlarning yetishmasligi badanda modda almashuvining buzilishi bilan bog‘liq kasalliklarni keltirib chiqaradi. 

Shu o‘rinda sog‘lom turmush tarziga qat’iy amal qilgan inson uzoq va baxtli hayot kechirishini eslatib o‘tamiz. 

G.Rahmatillayeva 

Sanepidqo‘mita Navoiy viloyati boshqarmasi

OAV va jamoatchilik bilan ishlash bo‘limi mutaxassisi: 


SO`NGGI YANGILIKLAR
IMAGE
Bo'sh ish orinlari

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash...

Boshqarma haqida

Sanitariya-epidemiologiya xizmatini amalga...

SO`ROVNOMA

    Boshqarma ish faoliyatini baholang

Top

MAXSUS IMKONIYATLAR

Ko`rinish

A
A
A

Shrift o`lchami

0% ga kattalashtirish
?

Ekran suxandoni