Kunlar isishi, yoz boshlanishi natijasida aholi orasida oʻtkir yuqumli ichak kasalliklari, xususan, oʻtkir diareya, qorin tifi, salmonellyoz, virusli gepatit A va boshqa ovqatdan zaharlanish kasalliklarining tarqalishi ehtimoli ortib boradi.
Aytilishicha, ushbu kasalliklar tez yuquvchi kasalliklar boʻlib, holsizlanish, bosh va qorin ogʻrigʻi, koʻngil aynib qayt qilish, ichning suyuq va tez-tez ketishi bilan kechadi.
Oʻtkir yuqumli ichak kasalliklarining kelib chiqishida shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilmaslik, qaynatilmagan ariq, hovuz va quduq suvlari, yuvilmagan sabzavot va mevalar, shu bilan birga pashshalar alohida ahamiyat kasb etadi.
Yuqorida koʻrsatib oʻtilgan qoidalarga rioya qilmaslik natijasida kasallik sogʻlom odamlarga yuqadi.
Kasallikning oldini olishda quyidagi qoidalarga rioya etilishi zarur:
- har doim, ayniqsa ovqatlanishdan oldin qoʻlingizni sovunlab yuving;
- meva va sabzavotlarni toza ichimlik suvida (iloji boʻlsa qaynagan suvda) yuvib isteʼmol qiling;
- ochiq suv havzalaridan suv ichmang, faqat qaynatilgan suv iching, mumkin boʻlmagan joylarda choʻmilmang;
- oziq-ovqat mahsulotlarini tayyorlash, saqlash va ularni tashish hamda tarqatilishida sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qiling;
- non va boshqa oziq-ovqat mahsulotlarini polietilen xaltachalar va usti berk idishlarda saqlang;
- idish-tovoqlarni yuvuvchi vositalar bilan uyushgan jamoalarda qoʻshimcha 0,2-0,5% xlorli aralashma bilan birgalikda yuving;
- pashshalarning koʻpayib ketishiga yoʻl qoʻymang;
- hududlar, ovqatlanish obyektlari hamda umumiy foydalanish joylarining tozaligi va sanitariya holatini saqlab turing;
- tez buziluvchi oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilayotganingizda uning sifati va yaroqliligiga eʼtibor qarating;
- oʻzingiz va bolangizning tirnoqlarini oʻz vaqtida olib, bolangiz qoʻllarini doimo toza tutishga oʻrgating;
- axlat tashlash joylarni tez-tez dezinfeksiya vositalari bilan zararsizlantirib turing;
- koʻngil aynib, qorinda ogʻriq paydo boʻlsa, ich ketishi va baʼzi hollarda tana harorati koʻtarilsa, zudlik bilan tibbiyot xodimlariga murojaat qiling, shifokorlar maslahatisiz har xil dori-darmonlarni oʻz bilganingizcha isteʼmol qilmang.
Ushbu kasalliklar tez yuquvchi kasalliklar boʻlib, holsizlanish, bosh va qorin ogʻrigʻi, koʻngil aynib qayt qilish, ichning suyuq va tez-tez ketishi bilan kechadi.
Ma'mura Nurullayeva
Mehnat gigiyenasi boʻlimi
sanitariya vrach yordamchisi