Quturish o‘ta xavfli o‘tkir yuqumli kasallik bo‘lib, issiqqonli hayvon va odamlarda uchraydi. Quturish kasalligini nerv tizimini shikastlantiruvchi viruslar ko‘zg‘atadi. Viruslar ko‘plab miqdorda quturish kasalligiga chalingan hayvonlarning so‘lagi bilan tashqi muhitga ajraladi. Kasallikning asosiy manbai quturish kasalligiga chalingan it, mushuk, kalamush, bo‘ri, chiyabo‘ri hisoblanadi.
Odamda quturish kasalligining yashirin davri juda qisqa 12-15 kun va uzoq bo‘lishi 2-6 oygacha va bundan ham cho‘zilishi mumkin. Kasallikning boshlang‘ich davrida bemorlarda hayvon tishlagan joyda yoki shu joydan o‘tgan nerv tolalarida achishish seziladi, keyin tortishib lo‘qillab og‘riydi, og‘riq hayvon tishlagan joydan yuqori tomon yo‘naladi. Kasallikning xarakterli xususiyati shuki, bemorning kayfiyati juda tushib ketadi, yuragi siqilib, g‘am-g‘ussaga botadi. Bemor uyqusida bezovta bo‘ladi va qo‘rqinchli tushlar ko‘radi, ishtahasi bo‘lmaydi, bemorning ahvoli 1-2 kun mobaynida shunday turadi, keyin nafas olish va yurak urishi buziladi. Tana harorati ko‘tariladi.
Kasallikning qo‘zg‘alish davrida bemor juda bezovta bo‘la boshlaydi, chanqaydi va quturish uchun xarakterli bo‘lgan yutish qiyinlashadi, suyuqlikni qiynalib yutadi. Bemorning tana harorati ko‘tariladi, suvdan, havo (shamol)dan, yorug‘likdan, tovushdan qo‘rqish alomatlari paydo bo‘ladi. Bemorning ovozi bo‘g‘iladi, terlaydi, so‘lagi oqadi, tomirning tez-tez urishi davom etadi, nafas olishi buziladi. Muskullarni tortishishi nafas va yutinish muskullaridan boshlanib, keyin hamma muskullarga tarqaladi. Nafas olishga qiynaladi, havo yetishmayotganligidan noliydi. Bemorning ko‘ziga har xil narsalar ko‘rinadi, yerda emaklab, ust boshini yirtib, o‘zini timdalab tashlaydi. Bemorning so‘lagi ko‘p oqadi va qayt qiladi. Kasallik avjiga chiqqanda bemor beixtiyor siyib yuboradi va ichi ketadi. Kasallikning bu davri 2-3 kun davom etadi.
Kasallikning falajlik davrida odatda tirishish xurujlaridan keyin oyoqlar chala falaj bo‘lib qoladi, so‘ngra qo‘llar falajlanadi, bemor qimirlamay o‘rinda yotadi. So‘ngra bemor to‘satdan xushidan ketadi, tana harorati 41 gradusgacha ko‘tariladi va o‘lib qoladi (u tinch yotgan paytida yoki juda kam hollarda xuruj tutayotgan paytda o‘lim sodir bo‘ladi).
Ayrim hollarda kasallik qo‘zg‘alish va suvdan qo‘rqish alomatlarisiz kechadi. Kasallik boshlangan dastlabki paytdayoq odatda oyoqlar falaj bo‘lib qoladi. Ba’zan kasallikning aralash turlari uchraydi, bunda qo‘zg‘alish va erta paydo bo‘ladigan falajliklar bir me’yorda kechadi.
Quturish kasalligini oldini olish uchun quyidagi tavsiyalarga rioya qilish lozim:
1. Uy hayvonlarini ayniqsa, itlarni bog‘langan holda saqlang. Ularni qarovsiz qoldirmang. Begona it va mushuklar bilan muloqot qilishiga yo‘l qo‘ymang!
2. Hayvonlarni quturishga qarshi emlating!
3. Qarovsiz daydi it va mushuklarning paydo bo‘lishiga zinhor yo‘l qo‘ymang!
4. Farzandlaringizga qarovsiz va kasal itlar bilan muloqot qilmaslik zarurligini, quturish kasaligi hayvonlardan nafaqat tishlashi, shuningdek so‘lagining tegishi va tirnashi natijasida ham yuqishi mumkinligini muntazam eslatib turing!
5. Hayvonlarni parvarishlash madaniyatiga rioya qiling va boshqalarni ham shunga o‘rgating!
6. Jumladan it va mushuklarni ko‘chada qarovsiz qoldirmang!
7. Agar bordiyu it (mushuk) tishlasa, yoki so‘lagi tegsa, jarohatning katta kichikligidan qat’iy nazar, zudlik bilan shifokorga murojaat qiling!
UNUTMANG! Hayvon tishlashidan o‘zini asrash, tishlaganida esa, o‘z vaqtida tibbiy yordamga murojaat qilish va emlashni shifokor tavsiyasiga qat’iyan rioya qilgan holda olish, quturish kasalligini oldini olishning oltin qoidasi ekanligini unutmaslik lozim.
Gulbahor Raxmatillayeva
Navoiy viloyati Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik
va jamoat salomatligi boshqarmasi
OAV va jamoatchilik bilan ishlash bo‘limi mutaxassisi