Bezgak kasalligi iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan katta zarar beradigan protozoalar (protozoa) keltirib chiqaradigan yuqumli kasallik bo‘lib isitma, kamqonlik va taloqning kattalashishi bilan xarakterlanadi.
Bezgak qo‘zg‘atuvchisi bo‘lib plazmodium (plasmodium) avlodiga mansub sodda jonivorlar hisoblanadi va ular Anopheles chivinlari orqali odamga yuqadi.
Bezgak yer yuzida ushbu kasallik yuqishi mumkin bo‘lgan tabiiy sharoitlari bor hamma hududlarda keng tarqalgan. Bezgak kasalligi bilan kasallanish soni Dunyo bo‘yicha yiliga 450-480 millionni tashkil etadi.
Har yil bezgak kasalligidan 2 million atrofida bolalar o‘limi kuzatilmoqda.
Hozirgi paytda dunyoning yuzdan ortiq mamalakatlarida bu kasallik mavjud.
Jahonning 42% (2,3 milliard) aholisi bezgak kasalligining xavfi mavjud bo‘lgan hududlarda yashaydi.
Yiliga dunyoning turli hududlarida bezgak bilan kasallangan bir necha ming bemorlar ro‘yxatga olinmoqda.
Bezgak qo‘zg‘atuvchisining tashuvchisi Anopheles chivini hisoblanadi.
O‘zbekistonda chivinlarning 9 turi mavjud.
Odam qoni bilan bu chivinlarning faqatgina urg‘ochisi oziqlanadi.
Ular kechki va tungi paytlarda odamlarga hujum qiladi. Urg‘ochi chivinlar 1 martada 100-2500 tagacha tuxum qo‘yadi.
Bezgak qo‘zg‘atuvchisining infeksiya manbai bo‘lib bemor yoki parazit tashuvchi hisoblanadi.
Tabiiy sharoitda bezgakning birdan-bir yuqish yo‘li transmissiv yo‘l bo‘lib, o‘z tanasida sporogoniya jarayonini tugatgan anofeles chivining urg‘ochisi sog‘lom odamni chaqqanida ro‘y beradi. Transmissiv yo‘ldan tashqari bezgak qo‘zg‘atuvchilari parenteral va transplatsentar (vertikal) yo‘l bilan yuqishi mumkin.
Bemorga qon quyilganda yoki qon bilan zararlangan tibbiyot asboblari ishlatilganda bezgak qo‘zg‘atuvchilarining har bir turi parenteral yo‘l bilan ham yuqishi mumkin.
Bundan tashqari emlash vaqtida shprits, ninalar orqali ham yuqishi mumkin.
Profilaktikasi.
Aholini bezgak kasalligi bo‘yicha sanitariya madaniyatini oshirish bo‘yicha keng miqyosida sanitariya targ‘ibot ishlarini olib borish;
-Chivinlar ko‘payadigan joylarni yo‘q kilish, suv havzalarini tozalash, suvni istemol qilish qoidalariga rioya qilish, keraksiz xo‘jalik suv havzalarini paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik;
-Xorijiy davlatlarga borib kelgan shaxslarni o‘z vaqtida aniqlash va hududiy davolash profilaktika muassasalariga xabar berish;
-Kasallikni maxalliy aholi o‘rtasida tarqalishining oldini olish uchun fermer xo‘jaliklari va jismoniy shaxslar tomonidan sholi ekish uchun ajratiladigan maydonlarni aholi yashash joylaridan 2-3 km uzoqlikda rejalashtirish;
-ko‘p qavatli binolar yerto‘lalarining sanitariya-texnik holatini yaxshilash,
-Xo‘jaliklararo va xo‘jalik ichki sug‘orish tarmoqlarini tozalash, keraksiz suv havzalarini yo‘qotish;
-qishloq xo‘jalik ekinlarini yetishtirishda agrotexnika va sanitariya–gidrotexnika qoidalariga amal qilinishi bezgak chivinlarining keskin kamayishiga va respublikamiz hududida bezgak kasalligi tarqalishining oldini olishda muhim omil xisoblanadi.
Gulshoda Rizayeva
Viloyat SEO va JSB parazitologiya
bo‘limi va laboratoriyasi vrachi